Muhtaram Nursulton Abishevich!
Hurmatli davlatlar va delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, bugun qutlug‘ va saxovatli Qozog‘iston zaminida o‘zimizni o‘z uyimizdagidek, orzu-umid va intilishlari mushtarak bo‘lgan yagona ahil oila a’zolaridek his etayotganimizni alohida ta’kidlamoqchiman.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, qardoshim va do‘stim, muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyevga Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi yilini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi va qarori uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.
Ko‘p yillik samarali hamkorligimiz tarixida birinchi marta bo‘lib o‘tayotgan ushbu noyob voqea xalqlarimiz o‘rtasidagi haqiqiy qardoshlik munosabatlarining yorqin ifodasidir.
Yaratganning o‘zi bizga qo‘shni bo‘lishdek bebaho ne’matni ato etgan. Bizning donishmand ota-bobolarimiz “Hovli olma, qo‘shni ol”, deb bejiz aytishmagan. Biz azal-azaldan bir zaminda, bir quyosh ostida yashab kelmoqdamiz, bizning ildizlarimiz bir.
Xalqlarimizning Abu Rayhon Beruniy va Abu Nasr Forobiy, Xo‘ja Ahmad Yassaviy va Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy va Abay Qo‘nonboyev, Oybek va Muxtor Avezov, G‘afur G‘ulom va Sobit Muqonov kabi ulug‘ namoyandalari va boshqa ko‘plab atoqli olimlar, mutafakkir va shoirlar merosi bizning umumiy boyligimizdir.
Biz insonparvarlik va ezgulik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bu ma’naviy merosni asrab-avaylashimiz va boyitishimiz lozim.
Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, keyingi paytda siyosiy irodamiz va o‘zaro intilishlarimiz tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha haqiqatan ham ulkan natijalarga erishdik.
Hududlarimiz o‘rtasidagi yaqin aloqalar, odamlarning o‘zaro ochiq muloqoti va do‘stligi, madaniy aloqalarning faollashgani ezgu maqsad – xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.
Bu yutuqlarga xalqaro miqyosdagi yirik davlat va siyosat arbobi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyevning ulkan sa’y-harakatlari tufayli erishilganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqamiz tinchligi, barqarorligi va taraqqiyoti, bugungi va kelgusi avlodlarning farovonligi yo‘lida o‘zaro integratsiyalashuvi tashabbuskori ham aynan hurmatli oqsoqolimiz Nursulton Abishevichdir.
Uning dono rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil siyosiy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlar, uzoqni ko‘zlab, chuqur o‘ylab ilgari surilayotgan global va mintaqaviy miqyosdagi tashabbuslar butun dunyoda e’tirof etilayotgani hammamizni xursand qiladi.
Qozog‘istonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi muvaffaqiyatli raisligi, sizning mamlakatingizda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining tarixiy majlisi, EKSPO-2017 butunjahon ko‘rgazmasining yuksak darajada tashkil etilgani, Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammiti va boshqa ko‘plab yirik xalqaro tadbirlar Qozog‘istonning yuksak xalqaro nufuzidan yaqqol dalolat beradi.
Bugun Ostona shahrida uzoq yillar mobaynida birinchi marta Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvini o‘tkazdik.
Bularning barchasi, hech shubhasiz, nafaqat Qozog‘istonning ulkan salohiyatiga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorlik borasidagi keng imkoniyatlarga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratishga xizmat qildi.
Hurmatli do‘stlar!
Biz uchun Qozog‘iston zamonlar va hayot sinovidan o‘tgan, ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan yaqin qo‘shnimizdir.
Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, buyuk Abayning quyidagi so‘zlarini esga olamiz:
Ey inson, or-nomus dildoshing bo‘lsin,
Bobolar hikmati qo‘ldoshing bo‘lsin.
Mol-dunyo, shon-shuhrat – barchasi bekor,
Jondosh, sodiq do‘st, yo‘ldoshing bo‘lsin.
Ishonchim komil, bu hikmatli so‘zlar nafaqat bugungi tantanali marosim, balki mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning shioriga aylanadi.
Shu munosabat bilan kuni kecha qozoq xalqining buyuk farzandi, shoiri va mutafakkiri, gumanisti Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib etish to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining qarori qabul qilinganini ma’lum qilmoqchiman. Bu ulug‘ zotning bezavol o‘gitlari bugun ham o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Qarlig‘ashbiy sifatida ham mashhur bo‘lgan buyuk To‘labiyning maqbarasi Toshkentda joylashgani, ushbu maskan o‘zbeklar uchun ham, qozoq do‘stlarimiz uchun ham muqaddas ziyoratgoh ekanidan biz faxrlanamiz.
Muhtaram Nursulton Abishevich, o‘tgan yili O‘zbekistonga davlat tashrifingiz davomida birgalikda ana shu tabarruk maskanni ziyorat qilib, xalqlarimizni tinch-totuv va ahil yashashga da’vat etgan ushbu buyuk shaxs xotirasiga hurmat bajo keltirganimizni yaxshi eslayman.
O‘ylaymanki, tobora mustahkamlanib borayotgan samimiy munosabatlarimizdan buyuk ajdodlarimizning ruhlari shod bo‘ladi.
Darhaqiqat, xalqlarimiz bir-biriga hamisha tayanch va suyanch bo‘lib kelgan.
Tariximiz mushtarakligi va o‘zaro yaqinligimiz hozirgi dunyoning murakkab muammolarini birgalikda hal etish, biz uchun umumiy tahdidlarga qarshi samarali kurashish, yangi avlodlar uchun kelajakni birgalikda qurishda yordam bermoqda.
Biz – qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar, tojiklar va o‘zbeklar, go‘zal Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar vakillari birgalikda tinch-totuv, do‘st-inoq bo‘lib yashashimiz taqdirning o‘zi tomonidan belgilab berilgandir.
Shuning uchun ham biz umumiy uyimizni, farzandlarimizni turli nizo va qarama-qarshiliklardan himoya qilish, mintaqamizda tinchlik va farovonlik hukm surishini ta’minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur.
Aziz do‘stlar!
“Ostona opera” saroyining ushbu ko‘rkam zalida O‘zbekiston san’at ustalari tomonidan namoyish etiladigan bugungi konsert xalqlarimizning o‘zaro yaqinligi, madaniyatimiz, an’ana va urf-odatlarimiz o‘xshash ekaniga yana bir yorqin misoldir.
O‘zbekistonning iste’dodli san’atkorlari tomonidan ijro etiladigan kuy-qo‘shiqlar, ularning sizlar bilan uchrashuvdan oladigan quvonch va shodliklari Qozog‘istonda O‘zbekiston yilini o‘tkazish bo‘yicha rejalashtirilgan birgalikdagi barcha tadbirlarga alohida ruh va kayfiyat bag‘ishlaydi.
Aminmanki, ushbu tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi davlatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qadrli do‘stlar!
Samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun sizlarga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, sizlarni va sizlar orqali mintaqamizning barcha qardosh xalqlarini kirib kelayotgan go‘zal bahor bayrami – Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
E’tiboringiz uchun rahmat.