Mamlakatimizda aholining ichimlik va oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini oshirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, sohadagi mavjud huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun me’yoriy-huquqiy bazani zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish talab etilmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur hujjat joriy yilning 24 oktyabr kuni kuchga kirdi.

Mazkur qonunga muvofiq respublika hududidagi har bir fuqaro ichimlik suv iste’moli normalari doirasida belgilangan sifatdagi suv bilan ta’minlashni kafolatlanishi, ichimlik suv ta’minoti tashkilotlarining 14 ta asosiy vazifasi, 15 ta majburiyati, 5 ta masalada javobgarligi belgilanib, xizmat ko‘rsatish to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan holatlar va muddatlar aniq ko‘rsatilgan.

Bu haqida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ma’lumot berdi. Bunda har qanday holatda ham ichimlik suvini birinchi navbatda jismoniy shaxslarning, oziq-ovqat sanoati korxonalarining va tibbiyot tashkilotlarining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojlariga yo‘naltirish, suv ta’minoti reja asosida 12 soatdan ko‘p muddatga uzilganda, aholini transport yordamida ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi me’yorlar kiritilgani ta’kidlandi.

Shuningdek, tabiiy ofatlar ro‘y berganda, elektr ta’minoti to‘xtatilganda, avariya holatlarida, tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanish aniqlanganda va yong‘in chiqqan joylarga suv uzatishni ko‘paytirishga zarurat yuzaga kelganda ogohlantirilmagan holda suv berilishini to‘xtatish huquqi belgilangan. Kelgusida iste’molchilarga asossiz hisoblangan summani suv ta’minoti tashkiloti to‘liq qaytarib berishidan tashqari, ushbu holat sud tomonidan qayd etilganda mazkur summaning yarmini iste’molchi kompensatsiya tarzda olish huquqiga ega bo‘lishi ham ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, ichimlik suvi va oqova suv quvurlarining iste’molchilar hududiga birinchi kirgan qismigacha ichimlik suv ta’minoti tashkiloti mas’ul hisoblanishi hamda mazkur chegara hududida xizmat ko‘rsatilishi,  ichimlik suvi va oqova suv chiqarish xizmatlari bo‘yicha jismoniy shaxslar bilan muddatsiz shartnoma rasmiylashtirilishi, transportda ichimlik suvi yetkazish asosi, tartibi, talabi, shuningdek, transportga qo‘yiladigan talablar belgilangan.

Tariflar jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgandan so‘ng ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari tomonidan hududiy monopoliyaga qarshi kurashish va moliya organlariga kiritilib, ular tomonidan o‘n kun muddatda ko‘rib chiqilishi hamda takliflarni rad etish, qayta ko‘rib chiqish yoki qabul qilish haqida o‘z xulosalarini taqdim etishlari ham qonunda ko‘rsatib o‘tilgan.

– Shu o‘rinda, iste’molchilarga Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yangi tartib o‘rnatilishini eslatib o‘tamiz, – dedi “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. Xususan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, aholiga qiyoslash muddati tugagan suv hisoblagichlarni yangisiga almashtirish “O‘zsuvta’minot” AJ va hududiy suv ta’minoti korxonalarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, respublika hududiga texnik talablarga javob bermaydigan suv hisoblagichlarni va ularning qo‘shimcha vositalarini olib kirish hamda o‘rnatish taqiqlanadi. “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda sovuq suvni hisobga olish uskunalarining turlariga nisbatan texnik talablari ishlab chiqilib, tashkilotning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlari foydalanishga tayyor holda topshirilgan taqdirda aholining ixtiyoriga ko‘ra davlat xizmatlari markazlari orqali yoki “O‘zsuvta’minot” AJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga va o‘lchov uskunalarini tamg‘alashga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iste’molchilar tomonidan hududiy suv ta’minoti korxonalariga masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatilishi talab etiladi.

 

Nilufar Bozorova, 

O‘zA