Toshkent shahrida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida gibrid shaklda siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtinchi davrasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Buyuk Britaniya tashqi siyosat idorasi rahbari o‘rinbosari Leo Dokerti ochib berdi.

Muzokarada O‘zbekiston tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish, Adliya, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Ekologiya davlat qo‘mitasi, O‘zgidromet va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligi, shuningdek, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqaning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy-diplomatik muloqotni kengaytirish, umumiy kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirish yuzasidan fikr almashildi. Muloqot chog‘ida iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish masalasi ham muhim o‘rin tutdi. Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakat ishbilarmon vakillari o‘rtasida, jumladan, savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Turli sohalarda qo‘shma investitsion loyihalarni ishlab chiqish, O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport qilinadigan tovarlar turini kengaytirish va savdo aylanmasi hajmini oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Britaniya tomoni mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar aloqani kengaytirish, ilmiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish, umumiy, kasb-hunar va oliy ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekani tasdiqlandi.

Bunday tashqari, siyosiy maslahatlashuvlar darajasini tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasidagi muloqotga ko‘tarishga kelishib olindi.

 

B.Xudoyberdiyev,

N.Haydarov (surat),

O‘zA