Yer uchastkasini hisobga olish va yerga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, avvalo, yer uchastkalarini muhofaza qilish, yerga bo‘lgan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi “Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga muvofiq ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha elektron dastur orqali Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga davlat xizmatlar markazi va yagona interaktiv portalidan 2022 yilning 1 yanvaridan 1 dekabriga qadar jismoniy va yuridik shaxslardan jami 61 ming 938 ta ariza buyurtma qabul qilingan.

Boshqarma Axborot xizmatining ma’lum qilishicha,  shundan 53 ming 519 tasi ijobiy yakunlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 1 ming 64 ta ariza buyurtma davlat xizmatlar markazi tomonidan bekor qilingan, 5 ming 262 tasi esa  ma’lum sabablarga ko‘ra rad etilgan.  Ijara va ipoteka shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslardan 2730 ta ariza kelib tushgan.

Jahon banki ishtirokidagi “Ko‘chmas mulk va kadastr tizimini ro‘yxatga olish tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan “O‘zkad” axborot tizimi orqali dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi yerdan foydalanuvchilarning yer maydonlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilgan edi. bugungi kunda bu tizimga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llari kiritilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bilan Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorlikda umumiy foydalanishdagi mavjud 4 ming 254 kilometr avtomobil yo‘li xatlov qilinib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda.

– bugungi kunda 3900 kilometrga yaqin umumiy foydalanishdagi tashqi avtomobil yo‘liga kadastr pasporti rasmiylashtirildi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Mansur Sultanov. – Ularni shahar va tuman kesimida taqqoslaganda, bugungi kunda Bo‘zatov, Qonliko‘l, Kegayli, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Xo‘jayli, Chimboy, Taxtako‘pir, va Sho‘manay tumanlaridagi umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llariga kadastr pasportini tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari yakunlandi. Nukus shahrida 68,8, Amudaryo tumanida 307,91, Beruniy tumanida 370,9, Qorao‘zak tumanida 123,1, Nukus tumanida 150,14 va Ellikqal’a tumanida 236,2 kilometr avtomobil yo‘llariga kadastr pasportini tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlarni ham yaqin kunlarda yakunlash rejalashtirilgan.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA