O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston filiali ko‘rgazmalar saroyida Orolbo‘yi qishloq hunarmand ayollari tomonidan tayyorlangan kigiz mahsulotlari namoyishi bo‘yicha ommaviy ko‘rgazma tashkil etildi.

AQSHning xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilishida ta’kidlanganidek, bugungi kunda Nukus, Sho‘manoy, Bo‘zatov hamda Mo‘ynoq tumanlarida junni qayta ishlash orqali kigizdan turli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Joriy yil sentyabr va noyabr oylari mobaynida qoraqalpog‘istonlik 7 nafar hunarmand zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda dekorativ kigiz ishlab chiqarishni o‘rgatuvchi ta’lim dasturida ishtirok etdi. Dastur doirasida Qirg‘izistonning Bishkek shahridagi kigiz mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Tumar Group korxonasida bo‘lib, tajriba orttirdi. Tashrif davomida hunarmand ayollar yuqori sifatli kigizdan turli xil mahsulotlar ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirdi.

Ko‘rgazmada qoraqalpog‘istonlik hunarmand ayollar tomonidan uch oylik o‘quv va safar davomida egallagan yangi usul hamda ko‘nikmalar asosida tayyorlangan yangi mahsulotlar – kigiz gilamlari, poyabzal va gilamlar kolleksiyasini namoyish etdi.

Milliy hunarimizning ajoyib namunalaridan biri bo‘lgan kigiz mahsulotlarini ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, bu borada qirg‘izistonlik mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashishni mustahkamlash, qoraqalpoq xalqining o‘ziga xos milliy qadriyatlaridan biri o‘tov – qora uy tayyorlashda ham hamkorlik qilish bo‘yicha foydali takliflar bo‘ldi.


Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA