15 dekabr kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamkorligida “O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi raisligi va O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarining istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi hamda ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari” ekspertlari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasidagi Strategik hamkorlik, Turkiy davlatlar kengashining Samarqand sammiti yakunida erishilgan asosiy yutuq va natijalar, shuningdek, siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy sohalarda hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan,  “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi direktori Akkan Suver o‘z nutqida samarali hamkorlik rivojiga asosiy turtki berayotgan muhim omil sifatida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning o‘rni katta ekanligini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik O‘zbekistonga o‘tganligi, o‘tgan qisqa vaqt davomida O‘zbekiston tashkilot faoliyatini yanada jonlantirishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surayotganligi e’tirof etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zolik davrida O‘zbekiston rahbari tomonidan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 35 dan ortiq aniq tashabbuslar ilgari surilib, ayni vaqtga qadar ularning 20 dan ortig‘i samarali tatbiq etildi.

Birgina 2022 yilning 11 noyabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig‘ilishi doirasida ham davlatimiz rahbari tomonidan geosiyosiy ziddiyatlar, global iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari ortib borayotgan sharoitda eng dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlararo umumiy yondashuvlarni belgilab olish, sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirish, tashkilot faoliyatining chuqur tahlili asosida turkiy mamlakatlarning ulkan salohiyati va imkoniyatlarini ishga solish hamda a’zo mamlakatlar yosh avlodini har tomonlama rag‘batlantirish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Shuningdek, ma’ruzachilar tabiiy resurslar va inson kapitali, chuqur davlatchilik tajribasi va madaniy merosga ega O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlarini namoyish qilayotganini, O‘zbekiston mintaqadagi barqarorlik va farovonlik borasida yo‘l ko‘rsatuvchi ekanini hamda Turkiya porloq kelajak sari qat’iy qadamlarida O‘zbekiston bilan birdamlikda bo‘lishda davom etishini alohida e’tirof etdilar.

Jumladan, barcha sohalarda, xususan, siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xavfsizlik, madaniyat, yoshlar, ta’lim, matbuot va insoniy munosabatlar kabi sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning chuqurlashib borayotgani nafaqat O‘zbekiston va Turkiya xalqlarining, balki qo‘shni davlatlarning ham farovonligi, tinchligi va barqarorligiga katta hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.

Do‘stona va samarali muloqotga asoslangan davra suhbati yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, bu jarayonda ikki mamlakat yetakchi “aql markazlari” hamda xalqaro institutlar doirasida ham faol ish olib borishga kelishib oldilar.

O‘zA