Yetti kun davom etgan O‘zbekiston chempionati poyoniga yetdi. Bir-biridan qiziqarli, o‘ta shiddatli kechgan bahslar yakunida mamlakatning yangi chempionlari aniqlandi.

Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionlari, qator xalqaro turnirlarning g‘oliblari, o‘nlab iste’dodli yoshlar ishtirokida o‘tgan chempionat kutilgan va kutilmagan natijalarga boyligi bilan ajralib turdi.

“Mazkur chempionatni o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ko‘rdik. G‘olib va sovrindorlarga belgilangan medallar, eng kuchli bokschiga taqdim etiladigan Rufat Risqiyev kubogi, diplom va sertifikatlar xalqaro talablar asosida tayyorlandi. Kubok va medallar Tokio olimpiadasi ramzlarini ishlab chiqargan xorijiy kompaniyaga buyurtma berildi. Musobaqalarni boshqarib borish uchun jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarini boshqarib kelayotgan 10 nafar xorijlik boks referilari, shuningdek, ko‘plab davlatlarning yetakchi mutaxassislari jalb qilindi. Saralashdan finalgacha bo‘lgan har bir jangni shaffof o‘tishi ta’minlandi. Eng muhimi, ushbu chempionat orqali 2023 yili O‘zbekistonda boks bo‘yicha o‘tadigan Jahon chempionatiga tayyorgarligimizni ko‘rikdan o‘tkazib oldik”, deydi O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shahid Tillaboyev.

Darhaqiqat, har bir vazndagi musobaqalar shaffof o‘tishiga erishildi. Bu natijalarda ham aks etdi. Masalan, 51 kilogramm vaznda Hasanboy Do‘smatovning ukasi Faryozbek Do‘smatov Toshkent viloyati vakili Muhammadqodir Ma’murjonovga qarshi jang qilib, hakamlar qarori bilan g‘alabaga erishgandi. Ammo, ular o‘rtasidagi jang holati tekshiruv komissiyasi qarori bilan qayta ko‘rib chiqilib, Faryozbek ringda raqibiga boks nizomiga zid bo‘lgan harakat sodir etganligi uchun chempionatdan chetlashtirildi. Bu esa chempionlikni ukasiga taqdim etmoqchi bo‘lgan Hasanboyni ixtiyoriy majburiy tarzda g‘oliblik shohsupasiga olib chiqdi.

O‘zbek boksining bugungi yetakchilari, dunyo ringida o‘z so‘ziga ega bo‘lib borayotgan Bahodir Jalolov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madraimov, Fazliddin G‘oyibnazarovlar final jangida qo‘llab-quvvatlab, ishqibozlik qilganlarning barchasi ham g‘olib, deb e’tirof qilinmadi. Hakamlik tashqi bosimlardan xoli faoliyat ko‘rsatganligi natijasida O‘zbekistonning yangi boks chempionlari adolatli tanlandi, deyish mumkin.

Shu tarzda o‘z vaznlarida Nodirbek Mirzaahmedov, Shahzod Muzaffarov, Miraziz Mirzaxalilov, Dilshod Abdumurodov, A’loxon Abdullayev, Mujibillo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Nurislom Ismoilov, Odiljon Aslanov, Sanjar Tursunov, Shoxjahon Abdullayev, Sanjar Tursunov va Lazizbek Mullajonov boks bo‘yicha O‘zbekistonning 2022 yilgi chempionligiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, chempionat jarayonida boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichevga professor unvoni taqdim etildi. Uni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltaboyev topshirdi.

Tashkiliy qo‘mita qarori bilan musobaqada chiroyli jang o‘tkazgan andijonlik Mujibillo Tursunovga chempionatning eng yaxshi bokschisiga taqdim etiladigan «Rufat Risqiyev kubogi» sohibi bo‘lgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida Feruza Kazakova chempionatning eng yaxshi bokschi qizi sifatida e’tirof etildi. Ularga mukofotlarni Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov taqdim etdi.

Umumiy medallar jamg‘arishda 1-o‘rinni Farg‘ona viloyati terma jamoasiga egallaganligi e’lon qilindi.

Chempionatning g‘olib va sovrindorlari uchun yana bir o‘ziga xos jihati – ularning barchasi diplom, medallar bilan birgalikda belgilangan miqdordagi pul mukofotlariga ham musharraf bo‘ldi, bu – iste’dodli yoshlarimizga ruhiy dalda bo‘lganligi shubhasiz.

O‘zbekiston chempionatida faxrli 1-o‘rinni egallagan bokschi 10 million, 2-o‘rin sohibi 5 million hamda 3-o‘rindan joy olgan charm qo‘lqop ustalari 2,5 million so‘m miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA