Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan ayrim hududlarda aholi bandligini ta’minlash ko‘rsatkichlari yaxshi emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

2022 yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan.

Tegishli viloyat hokimlariga uch kun muddatda ushbu tuman hokimlarga nisbatan chora bo‘yicha taklif berish topshirildi.

Xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan 232 mingta korxonada ishchilar soni bor-yo‘g‘i 1 nafarni tashkil qiladi. Bu degani, ular haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ishlab, “konvert”da oylik to‘lab kelmoqda.

Bunday holat 47 ta tumanda eng yuqori. Misol uchun, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida – 80 foiz, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg‘om, Uchqo‘rg‘onda – 75 foiz, Guliston, Namangan, Qo‘shko‘pir tumanlarida – 70 foiz korxonalarda 1 ta ish o‘rni ko‘rsatilgan.

Chakana savdo, yo‘lovchi va yuk tashish, qishloq xo‘jaligi xizmatlari, mehmonxona, oshxona, Ay-Ti, avtomobil ta’mirlash kabi faoliyatlar bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilgan.

Ushbu 47 ta tumandagi korxonalarning yarmidan ko‘pi aynan shu faoliyatlar bilan shug‘ullanadi.

Lekin, bu tumanlardagi korxonalar adolatli soliq to‘lash va davlat bilan hamkorlikka o‘ta olmayapti.

Shuningdek, 25 yoshgacha bo‘lganlarni ishga qabul qilganda tadbirkorlar 6 oy davomida ijtimoiy soliqdan ozod qilindi.

–Bu imtiyozlar aynan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga turtki berishga qaratilgan-ku! Lekin, ushbu tumanlarning hokimi, birinchi o‘rinbosari va soliq rahbari nima bilan band? Nima uchun, 70-80 foiz korxonalarida 1 nafardan xodim ishlayotgani bilan biror marta qiziqib ko‘rmagan,  – so‘radi davlatimiz rahbari.

Viloyat hokimlariga mas’ul idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda bu 47 ta tumanda so‘rov o‘tkazib, har biriga alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.

O‘zA