Qozog‘iston Respublikasi Senati deputatlari fuqaro mudofaasi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida ikkita bitimni ratifikatsiya qildi. Mazkur hujjatlar avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston hukumatlari tomonidan imzolangan edi, deb yozmoqda «Kazinform» agentligi.

Qozog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri Yuriy Ilinning izoh berishicha, mazkur kelishuv mamlakatlarga favqulodda vaziyatlarni prognozlashtirish, agar xavf paydo bo‘lsa, aholini zarur harakatlarni amalga oshirishga tayyorlash sohasida tajriba almashish imkonini beradi. Kelishuv davlatga qarashli o‘quv muassasalarida  fuqaro himoyasini ta’minlash sohasida mutaxassislarni o‘qitishni ham o‘z ichiga oladi.  

Shu bilan birga, kelishuvning ratifikatsiya qilinishi mamlakatlarning birida yuz bergan favqulodda vaziyatni  bartaraf etishda o‘zaro yordam ko‘rsatishni ham nazarda tutadi. Agar davlatlarning biri hududida  favqulodda vaziyat ro‘y bersa, halokat-qutqaruv tuzilmalari davlat chegaralarini kesib o‘tishi va kuchlarini hamda vositalarini olib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.