E’tirof

O‘zbekistonning go‘zal poytaxti, azim Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumida ishtirok etayotganimizdan behad mamnunmiz. Avvalo, ushbu anjumanni yuqori darajada tashkil qilishga barcha sharoitlarni yaratib, qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevdan minnatdor ekanimizni bildirmoqchiman.

Bugun dunyoda pandemiya va global iqtisodiy inqiroz bilan bog‘liq dolzarb muammolar kuzatilayotgan sharoitda ezgu maqsadlarni ko‘zlagan ushbu forum MDH mamlakatlari uchun muhim ahamiyatga ega.

Biz ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish bilan birga, madaniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, kelgusi rejalarni tuzib olish uchun yig‘ildik.

E’tirof etish joizki, forum tashkil etilganidan buyon ko‘plab xayrli ishlar qilindi. Xususan, O‘zbekistonda MDH davlatlari o‘rtasida xalqaro anjumanlar, festivallar, ko‘rgazma va yarmarkalar, turli tanlovlar o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish keng yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri ta’kidlaganidek, mamlakatda madaniyat va san’atni rivojlantirish, madaniy meros namunalarini asrab-avaylash, ta’lim sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, bu yerda “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Xalqaro maqom san’ati anjumani, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivali kabi nufuzli tadbirlarning o‘tkazilishi nafaqat MDH mamlakatlari, balki boshqa davlatlarning ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

O‘zbekistonliklarning san’at va madaniyatga bo‘lgan yuksak munosabatini Sankt-Peterburg, Moskva shaharlarida o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, shuningdek, O‘zbekistonda boshqa mamlakatlarning madaniyat kunlari tashkil etilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo fondi mas’ul vakili sifatida aytishim mumkinki, O‘zbekistonda ijodiy va ilmiy ziyolilar forumi qizg‘in va samarali kechmoqda.

Anjuman ishtirokchilari mamlakatda madaniyat va san’at, fan-ta’lim, adabiyot, yoshlar bilan ishlash borasida erishilgan tajribalar bilan tanishmoqda. MDH mamlakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish va kuchaytirishda mazkur anjuman alohida ahamiyatga ega.


Mixail SHVЫDKOY,  

MDH Gumanitar hamkorlik bo‘yicha davlatlararo fondi boshqaruvi hamraisi, Gumanitar hamkorlik kengashida Rossiya Federatsiyasi vakili, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining xalqaro madaniy hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili.  

O‘zA