Yangi davr shunday boshlanadi

Yurtimizda jiddiy islohotlar jarayoni kechmoqda. Bunga har qadamda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari misolida guvoh bo‘lib turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ushbu sa’y-harakatlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nutq va ma’ruzalarida, avvalo, xalqimiz ishonchini qozonish lozimligiga alohida urg‘u berilayotgani bejiz emas. Ha, yangi davr shunday boshlandi.
Quyida yurtimiz va dunyoning nufuzli minbarlaridan yangragan va barchamizni ruhlantirgan, quvontirgan, muhimi, O‘zbekistonning bir fuqarosi sifatida tashabbusga, fidoyilikka undagan davlatimiz rahbarining chiqishlaridagi ba’zi fikrlarni e’tiboringizga havola etayapmiz. Zero, el-yurt manfaati yo‘lida jasorat va kuyunchaklik bilan aytilgan har qanday da’vat vaqt o‘tgani sari ahamiyati ortib, xalq qalbidan mustahkam joy egallab boraveradi.
…Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish — davlat siyosatiga, Prezident siyosatiga to‘sqinlik qilish, deb baholanadi.
***
Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq.
Shunday ekan, biz, birinchi ­navbatda, kim bilan muloqot qilishimiz kerak — odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo, xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi. Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.
***
Davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va ochiqligi biz uchun eng asosiy mezon bo‘lishi shart. Shu borada bir fikr­­ni yana takrorlab aytmoqchiman: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqdan.
2016-yil 14-dekabr.
Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘.
* * *
Yurtimizda tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatni mustahkamlash bundan buyon ham asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston xalqiga yangi yil tabrigidan.
2016-yil 31-dekabr
Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib o‘tirish taraqqiyot yo‘lidagi eng katta g‘ovdir.
***
… Ertangi kunimizning davomchilarini sog‘lom dunyoga keltirish ko‘p jihatdan ayollarimizning salomatligiga bog‘liq.
… tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir. Ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak.
 
Sog‘liqni saqlash sohasining bir guruh
yetakchi mutaxassislari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘zlangan nutqdan.
2017 yil 5 yanvar.
Farzandlar tinchligi, ularning baxti, kamoli — jamiyatning eng katta boyligi.
***
… Muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz.
***
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
***
… Ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar
bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqidan
Bizning maqsadimiz — yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdan iborat.
* * *
Iqtisodiyot tizimini liberallashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning eng muhim yo‘nalish­laridir.
* * *
Biz oddiy bir haqiqatdan kelib chiqmoqdamiz: xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.
* * *
O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir.
* * *
Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.
* * *
Markaziy Osiyo Uyg‘onish davrining ko‘plab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman.
Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy o‘z ahamiyatiga ko‘ra islom dinida Qur’oni karimdan keyingi muqaddas kitob hisob­langan «Sahihi Buxoriy»ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlangan nutqdan.
2017-yil 19-sentabr.
Prokuratura ilgarigidek faqat jazolaydigan, repressiya organi bo‘lib qolmasligi, aksincha, fuqarolarning huquq va erkinliklarini qog‘ozda emas, amalda himoya qiladigan tizimga aylanishi zarur.
Prokuratura organlari xodimlari kuni oldidan bir guruh soha xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi nutqdan.
2017-yil 7-yanvar.
…Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, O‘zbekis­ton Respublikasi hududida xorijiy davlatlarning harbiy baza va obyektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, harbiy xizmatchilarimizning xorijdagi tinch­likparvarlik operatsiyalarida ishtirok etmaslik siyosatiga sodiq qolish bundan buyon ham mamlakatimizning prinsipial pozitsiyasi bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan vatan himoyachilariga bayram tabrigidan.
2017-yil 13-yanvar.
…Tadbirkor — bu taraqqiyot lokomotivi, yurt tayanchi.
* * *
…Samarqand shahri, Imom Buxoriy, Amir Temur, Ulug‘bek rasadxonasi, Hazrati Doniyol, Registon, Shohi Zinda ansambli degan nomlarning o‘zi, ta’bir joiz bo‘lsa, jahon miqyosidagi mashhur brendlar emasmi?
 
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqdan.
2017-yil 10-noyabr.
Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbarni — bu Bosh vazir yoki uning o‘rinbosarlari bo‘ladimi, hukumat a’zosi yoki hududlar hokimi bo‘ladimi, ular faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi kerak.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash darkor.
Ana shu ishlarning bosh maqsadi — fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko‘rib chiqishni va hal etishni ta’minlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas.
Buni xalq hech qachon kechirmaydi!
* * *
… Oqni — oqqa, qorani — qoraga ajratish vaqti ham keldi.
* * *
…Ishni birgalikda bajaramiz, natija uchun esa har birimiz shaxsan javob beramiz.
* * *
Bugun zamon o‘zgarmoqda, uning talabi, oldimizga qo‘yayotgan vazifalari tobora ortib bormokda. Mana shunday murakkab sharoitda «Sen — menga tegma, men — senga tegmayman» degan kayfiyat bilan ishlashning vaqti o‘tdi. Biz «vaziyat yomon, vaziyat og‘ir» deb bahona qidirishga o‘rganib qolganmiz. Lekin shu vaziyatni kim o‘zgartiradi, kim izga soladi, degan savolni, keling, o‘zimizga beraylik. Vaziyatni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz, mehnatimiz bilan o‘zgartirmasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi.
* * *
Eng muhim vazifamiz — mamlakatimizda tinchlik va farovonlikni mus­tahkamlash, odamlarni, xalqimizni hayotdan rozi qilishdan iborat. Buning uchun el-yurtimiz, avvalo, biz — rahbarlarning faoliyatidan rozi bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir rahbar o‘z aravasini o‘zi tortishi, o‘z sohasidagi ishlarning ahvoli uchun o‘zi shaxsan javob berishi kerak. Shundan keyin jamiyatimizda o‘zgarish bo‘ladi, rivojlanish bo‘ladi.
* * *
…Jonajon Vatanimiz, olijanob xalqimizning ishonchini qozonish, uning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun faqat tinimsiz mehnat, izlanish va tashabbus ko‘rsatib yashash kerak. Odamlar buni kundalik hayotda sezishi, ko‘rishi zarur.
* * *
Hayotning o‘zi va xalqning talab­lari bizning oldimizga amaliy yechimini topish lozim bo‘lgan yangi va yanada murakkab vazifalarni qo‘ymoqda.
 
Mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzadan.
2017-yil 14-yanvar.
… Diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerak.
* * *
Bugun hayotning o‘zi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etmoqda.
* * *
Bizga raqamlar emas, aniq natija kerak.
* * *
… Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart.
* * *
… Xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart.
* * *
… Vatan sog‘inchi har qanday odamni ham qiynaydi.
Oliy Majlisga Murojaatnomadan.
2017-yil 22-dekabr.
Manba: «Ishonch» gazetasi