“Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumining birinchi kuni yalpi majlisida BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining 2005 yildan buyon amalga oshirilishi jarayonlari haqida so‘z bordi. Bunda asosan inson huquqlari bo‘yicha samarali ta’limga erishish tamoyillari va yondashuvlari muhokama qilindi.
Shuningdek, zamonaviy muammolarni hisobga olgan holda, dunyoning turli hududlarida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasidagi texnologiyalarning rivojlanishi va ayni sohada qo‘lga kiritilgan yutuqlar, saboq va xulosalar tahlil etildi. Ushbu mavzudagi global yondashuvga bag‘ishlangan dastlabki sessiyaga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi Inson huquqlari ta’limi bo‘yicha mintaqaviy vakili vazifasini bajaruvchi Fabio Piana moderatorlik qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilayotganini ta’kidladi. Yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirildi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim O‘zbekistonda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingani va mazkur Milliy harakatlar dasturi ijrosi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 2021 yil dekabriga qadar to‘liq bajarilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida oliy o‘quv yurtlari uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv kurslari joriy etish vazifasi belgilab berilgan. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 7 iyundagi farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etildi. Ayni vaqtda Milliy komissiya a’zolari ishtirokida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Majlisda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va o‘qitish bo‘limi muvofiqlashtiruvchisi Yelena Ippoliti BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha tashabbuslari amalga oshirilishi holatini global ko‘lamda tahlil qildi. Hindiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy komissiyasining Bosh kotibi Devendra Kumar Singx esa onlayn tarzda Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyani amalga oshirish borasida erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar va istiqbollar haqida ma’ruza qildi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘limi kichik xodimi Paulina Tandiono BMT Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi to‘rtinchi bosqichining 2020-2024 yillarda amalga oshirilishi jarayonlari xususida mushohada yuritdi. Global forumning keyingi sessiyasida inson huquqlari sohasidagi ta’limga mintaqaviy yondashuvlar ko‘rib chiqildi. Ushbu sessiyaga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev moderatorlik qildi. Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari prezidenti va ijrochi direktori Devid Patton xalqaro ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish istiqbollari, Yevropa Kengashining Odil sudlov va inson huquqlari masalalari bo‘yicha ta’lim bo‘limi rahbari Eva Pastrana onlayn chiqishida inson huquqlari sohasidagi ta’limga yevropacha yondashuv, Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiya raisi Xoji Ali Achikgyul bu sohaga o‘zi mansub xalqaro tashkilotning munosabati xususida fikr yuritdi.
Shuningdek, Osiyo-Tinch okeani Inson huquqlari bo‘yicha axborot markazining yetakchi tadqiqotchisi Jefferson Plantilla mazkur mintaqada inson huquqlari sohasidagi ta’lim borasida orttirilgan ibratli tajribalar haqida onlayn rejimda so‘zlab berdi. Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha kengash raisi Valeriy Fadeyev ham onlayn ma’ruzasida BMTning inson huquqlari sohasidagi asosiy hujjatlarini zamonaviylik nuqtai nazaridan talqin qildi.
Bundan tashqari, forum doirasida “Inson huquqlari sohasidagi rasmiy ta’lim tamoyillari va yondashuvlari: global, mintaqaviy va milliy tajriba” mavzuida parallel majlislar o‘tkazildi. Ularda texnologiyalarning rivojlanishi, Internet-resurslar va dunyoning tez o‘zgaruvchan geosiyosiy manzarasini hisobga olgan holda, inson huquqlari sohasidagi rasmiy va norasmiy ta’limga ilg‘or tajriba, innovatsion, gender hamda inklyuziv yondashuvlar muhokama qilinib, ayni yo‘nalishdagi yangi tashabbuslar taqdim etildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA