Davlatimiz rahbarining joriy yil 17 noyabrda “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi va Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan dasturlarga kiritilgan loyihalar, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari asosida moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihalar doirasida qator ishlar amalga oshiriladi.

– 2023 yilning 1 yanvaridan boshlab Davlat dasturlariga kiritilgan qurilish loyihalari, tashabbusli byudjetlashtirish asosida moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyihalar yanada optimallashtiriladi, – deydi Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Ob’ektlarning bosh loyiha qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari Qurilish vazirligining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida inson omilisiz o‘tkaziladigan tender savdolari orqali aniqlanadi. Tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlarga kiritilgan har bir ob’ektga identifikatsiya raqami beriladi va “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga kiritiladi hamda ular bo‘yicha har qanday o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar mazkur axborot tizimida aks ettirib boriladi.

Xavf-xatar toifasidan qat’i nazar barcha ob’ektlar qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlash uchun vakolatli organdan elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladi va nazoratga olinadi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida bosh pudrat tashkiloti tomonidan ishlarning bajarilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma uning mazkur tizimdagi shaxsiy kabinetida elektron tarzda shakllantirib boriladi va buyurtmachi tashkilot bilan elektron tarzda kelishiladi.

Bunda buyurtmachi tomonidan hisob varaq-fakturalar Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga moliyalashtirish uchun elektron shaklda yuboriladi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlarining reytingida mavjud bo‘lgan korxonalar, ularning reytingini hisoblash mezonlari kesimidagi ballari, dasturlar hamda loyihalardagi har bir ob’ektning shaharsozlik hujjatlari, ob’ektda bajarilgan ish hajmlari va moliyalashtirilgan mablag‘lar haqidagi ma’lumotlar tizimda real vaqt rejimida jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinadi.

Endilikda, qurilish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida o‘tkazilgan tender  savdolari yakuni, shuningdek, buyurtmachi bilan loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari o‘rtasidagi loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini bajarish to‘g‘risidagi shartnomalar mazkur tizimda elektron raqamli imzo orqali tuziladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish yoki hisobga olish uchun Moliya vazirligining Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimiga elektron shaklda yuboriladi. Hokim yordamchisi, mahalla faollari va yoshlar yetakchilari, ommaviy axborot vositalari va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

2023 yil 1 martga qadar qurilish ob’ektlarida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda kamchiliklar va qonun buzilishi holatlarini aks ettiruvchi foto va video materiallarni yuklash imkonini beruvchi “Shaffof qurilish” axborot tizimining mobil ilovasi yaratiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA muxbiri