Ozarbayjon o‘zining qadim tarixi, adabiyoti va madaniyati, go‘zal tabiati, Xazar (Kasbiy) dengizi sohillarida joylashganligi bilan maftunkorlik kasb etib turadi.

Hazrat Alisher Navoiyning ustozi, ilk «Xamsa» dostonini yaratgan Nizomiy Ganjaviy tug‘ilgan Vatan – qadim turkiy yurt sifatida hamisha jilvakor diyordir.

2022 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida O‘zbekiston-Ozarbayjon aloqalari mustahkamligi va maqsadlar mushtarakligi yana bir bor ma’lum bo‘ldi va bu munosabatlar adabiy jarayonlar rivojiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Yaqinda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir-jurnalist O‘lmasbek Xo‘jayev Ozarbayjonning Boku shahrida ijodiy safarda bo‘lib qaytdi.

U Boku Davlat universiteti Kutubxonachilik va axborot texnologiyalari fakultetida, A.Karim nomidagi Shimg‘oyat ijod uyida uchrashuv va mushoirada qatnashdi.

Shuningdek, Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi elektron zalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi O‘lmasbek Xo‘jayevning «Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy asarlarida kommunikatsiyaviylik xususiyatlar talqini» nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Unda Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi doktor va professorlari ma’ruzalar qildi.

Taqdimot yakunida O‘lmasbek Xo‘jayevga Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi nomidan «Nizomiy Ganjaviy hayoti va ijodi» nomli kitobni professor Alizoda Asqarli sovg‘a qildi.

Shuningdek Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi Nizomiyshunoslik sho‘’basi tarafidan Nizomiy Ganjaviyning «Xamsa»si tarkibiga kiruvchi doston kitoblari hamda Sayid Imomiddin Nasimiy va Fuzuliyning devonlarini sovg‘a qildi.

O‘lmasbek Xo‘jayev Ganja shahriga borib, ulug‘ mutafakkir-shayx Nizomiy Ganjaviyning qabrini va Imomzoda ziyoratgohini ziyorat qildi. Nizomiy Ganjaviy nomidagi muzeyida bo‘ldi.

So‘ng Ganja Regional Madaniyat mdorasi markaziy kutubxonasi yig‘ilishlar zalida kitob taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirni Ganja Regional Madaniyat idorasi rais maslahatchisi Rohib Husayinov ochdi va olib bordi. Taqdimotda Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining Ganja bo‘limi rahbari Xazongul Husayinova, maslahatchisi-shoir Alamzar Alizoda va Fozil Sanon, adiblar Inqilob Isoq, Imom Jamilli, Mushfiq Muharramov, Olmaz Yusuf qizi, Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi Ganja bo‘limi katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Alimuxtor Muxtorov kutubxona faxriy ishchisi Farida Qadimovalar kitob haqida va shoir O‘lmasbek Xo‘jayevning Ozarbayjonda o‘tkazilgan «Nasimiy yili» va «Nizomiy Ganjaviy yili»dagi ilmiy konferensiyalarda zoom orqali onlayn shaklda qatnashib faol bo‘lganligini ta’kidlashdi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekistonning do‘sti va xayrxoh hamkori, Millat vakili Ganira xonim Pashshayeva tashabbusi va taklifi bilan Bokuning Muhammadiy shaharchasida doktor Jonpo‘lat Imonovning «Xolchali uy»ida uchrashuv mehmoni bo‘ldi.

Bokuning Ichkari shahar me’moriy majmuasi, va kutubxona, kitob do‘konlarida bo‘lib, Yevroosiyo universiteti filologiya fakultetida ham uchrashuv o‘tkazdi.

Shuningdek, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi Anor Rizoyev bilan uchrashdi.

O‘lmasbek Xo‘jayev Ozarbayjon Milliy Fanlar Akademiyasi Prezidenti Iso Habibbeyli imzolagan Sertifikat, «A.Karim nomidagi Shimg‘oyat ijod uyining «Faxriy mehmon Diplomi», «Yevroosiyo universiteti Tashakkurnomasi», «Dada Al-askar Markazi» ijtimoiy birlashmasining «Faxriy Diplomi» bilan taqdirlandi.

O‘zA