Tojikiston va Fransiya Prezidentlari Emomali Rahmon va Emmanuel Makron shanba kuni telefon orqali muloqot davomida Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi, deb xabar berdi Tojikiston rahbarining matbuot xizmati.

“Tomonlar Afg‘oniston muammosiga e’tibor qaratdilar. Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va istiqboldagi rejalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, davlatlar yetakchilari Afg‘onistonni “mintaqa xavfsizligini ta’minlashning muhim sharti sifatida tinchlik va barqarorlik yo‘liga” o‘tkazish jarayonini osonlashtirish bo‘yicha umumiy yondashuv ishlab chiqish zarurligi haqida gaplashishgan.

Tomonlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar, xususan, zamonaviy tahdidlar – terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi birgalikda kurashish masalasini ham muhokama qilgan.

O‘zA