14–16 noyabr kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha butunjahon konferensiyaning so‘nggi kunida YUNESKOning Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Unda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda xalqaro miqyosda maktabgacha ta’lim sohasining asosiy tamoyillari belgilandi.

Hujjat konferensiya doirasidagi maslahatlashuv jarayoni orqali tayyorlangan va imzolangandan so‘ng BMTning oltita rasmiy tiliga tarjima qilinadi hamda YUNESKOga a’zo davlatlarga tarqatiladi.

Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish tizimini global o‘zgartirish strategiyasining bir qismi sifatida Toshkent deklaratsiyasida qator yetakchi tamoyillar belgilandi. Ya’ni o‘quv dasturlari va pedagogikaning sifati va dolzarbligini oshirish,  barcha bolalar uchun teng va inklyuziv ta’lim xizmatlarini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarda kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga kirish huquqlarini himoya qilish va kafolatlash.

Bu va boshqa qator vazifalar zamirida pedagog kadrlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalarni keng joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kabi fundamental omillar mujassam.

Mohigul Qosimova, O‘zA