Xabar berganimizdek, poytaxtimizda Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Nufuzli anjumanning ochilish marosimida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

–Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi. Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.

Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.

Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan ta’lim bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida

Toshkentda Yuneskoning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman.

Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.

Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.

Uchinchidan, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzu-lardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag‘ishlash muhimdir.

bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao bo‘lar edi.

Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, ma’naviy va jismoniy barkamolligini ta’minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o‘z ifodasini topishi lozim.

 

O‘zA