Xabar berganimizdek, poytaxtimizda Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Nufuzli anjumanning ochilish marosimida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

–Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz. Bu borada biz o‘zimizning milliy tajribamiz

va jahondagi ilg‘or yutuqlarini uyg‘unlashtirgan holda faoliyat olib boramiz,– dedi Shavkat Mirziyoyev. – Barchamizga ayonki, ta’lim va tarbiya bor joyda, albatta, ilm, albatta madaniyat va taraqqiyot bo‘ladi.

Ta’lim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi. Biz kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish doirasida 2025 yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz.

 

O‘zA