Poytaxtimizda Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Nufuzli anjumanning ochilish marosimida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.

–Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vazirlari va mas’ul vakillariga o‘zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman. Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

So‘nggi yillarda YUNESKO bilan ta’lim, fan, madaniy meros, axborot va kommunikatsiya sohalarida hamkor-ligimiz jadal rivojlanib bormoqda.

Jumladan, mazkur tashkilot ko‘magida yurtimizdagi butunjahon madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, qadimiy Buyuk ipak yo‘lida mavjud bo‘lgan madaniy aloqalarni qayta tiklash, ta’lim tizimi sifatini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalash, O‘zbekistonda yoshlarning mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qator muhim dastur va loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.

 

O‘zA