Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida nutq so‘zlamoqda.

Yuqorida qayd etilgan, omillarning umumiy xavfsizlik manfaatlari, taraqqiyot va farovonligimizga ta’siridan kelib chiqib, Prezidentimiz quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga diqqat qaratishga chaqirdi.

Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilmoqda. Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda.

O‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur.

Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim. Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

O‘zA