Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi majlislar zalida Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini hududlarda joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishga doir seminar o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo viloyati, seminarning ikkinchi kunida esa Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro, Toshkent viloyatlarining hududiy vakillari ishtirok etdi.

Dastlab «Yo‘l xaritasi» asosida Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglandi. Aniqlangan kamchiliklar va xatolar muhokama qilinib, ularni tezkor va sifatli hal etish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari asosida tibbiyot tashkilotlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi. DTSJ bo‘lim boshlig‘i Doniyor Qosimov tomonidan moliyalashtirish usullari, har bir davolangan holat uchun to‘lovlarni hisoblashda qo‘llaniladigan klinik xarajatlar guruhlari va koeffitsiyentlariga oid ma’lumotlar berildi.

DTSJ xodimi Mavluda G‘iyosovaning ma’ruzasida esa aholini ambulatoriya sharoitida bepul dori vositalari bilan ta’minlash (qoplash) bo‘yicha loyihaning maqsad va vazifalari (reimbursatsiya) batafsil tushuntirildi. Reimbursatsiyani joriy etishdan ko‘zlangan maqsad, uning dasturiga kiritilgan dori vositalari ro‘yxati, elektron retsept, sohada kuzatilayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 40-moddasida har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i Umida G‘oziyeva. – Fuqarolarimiz poliklinika, shifoxona, kunduzgi statsionar, shoshilinch va tez tibbiy yordam muassasalarida bepul davolanishi mumkin. Poliklinikalarda oilaviy shifokor qabuli, tor soha mutaxassislari konsultatsiyasi, diagnostik va laborator tekshiruvlar, skrining tekshiruvlari, kasalliklarni davolash, dispanser kuzatuvi, profilaktik ko‘riklar, vaksinatsiya, reabilitatsiya singari xizmatlar ko‘rsatiladi.

Statsionarda esa diagnostika va laborator tekshiruvlardan o‘tish, zarur tor soha mutaxassislari konsultatsiyasidan foydalanish, davolanish mumkin. Shuningdek, operatsiya va muolajalar, reabilitatsiya va palliativ xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerda bemor statsionar yotib davolanadi va ovqat bilan ta’minlanadi. Kunduzgi statsionarda ham xuddi shu kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Faqat bemor muassasada yotib qolmasdan, muolajalarni har kuni kelib, qatnab oladi.

Joriy yilning birinchi yarim yillik holati monitoring natijalariga ko‘ra, Sirdaryo viloyati tibbiyot muassasalarida 68 ming nafardan ziyod bemor byudjet hisobidan davolangan. Shundan 4 ming 281 nafarida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

Mohigul Qosimova, O‘zA