2022-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan yuzta maqsaddan biri –jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdir.

– Bunga to‘liq erishish uchun esa normativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish kerak, – deydi adliya vazirining o‘rinbosari Xudoyor Meliyev. – Chunki hujjatlar korrupsiyaga yo‘l ochib berar ekan, bu illatni bartaraf qilib bo‘lmaydi. Shu bois Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kundalik hayotini tartibga soluvchi 800 dan ortiq qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi.

Mazkur hujjatlarning 224 tasida yoki 28 foizida 650 dan ortiq korrupsiyaviy omillar aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Aniqlangan korrupsiyaviy omillarning asosiy qismi hujjatlar o‘rtasida ziddiyatlarning mavjudligi, diskretsion vakolatlarning kengligi, ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to‘liq emasligi, noaniq va asossiz havolalar keltirilgani bilan bog‘liq.

Adliya vazirligi tomonidan davlat organlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida 40 dan ortiq vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining yuzdan ortiq xodimlarini bilim va ko‘nikmasi oshirildi. Ushbu yo‘nalishda targ‘ibot, konferensiya, seminar va brifinglar tashkil qilindi.

Natijada joriy yilning birinchi yarmida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 27 hujjatda 57, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 40 hujjatda 40, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan 11 hujjatda 37, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 25 hujjatda 37 korrupsiyaviy omil aniqlandi. Ularni bartaraf qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar berildi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli olib borish uchun 2022 yilning boshida korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan  sohalardagi salkam 2 mingta normativ-huquqiy hujjatni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.

Shundan eng ko‘p hujjatlar tadbirkorlik va xo‘jalik, moliya, kredit va bank, tashqi iqtisodiy faoliyat va bojxona ishi, ijtimoiy ta’minot, ijtimoiy sug‘urta va ijtimoiy himoya sohalariga taalluqli bo‘ldi.

Adliya vazirligiga yuklatilgan yana bir muhim vazifa bu qonunchilik hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishdir. 2021 yil 24 fevraldan korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilindi – ishlab chiquvchi tomonidan cheklistni to‘ldirish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Natijada davlat organlarining hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish amaliyotini monitoring qilish va manzilli uslubiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratildi.

Xususan, 2021 yilda vazirlik tomonidan o‘tkazilgan 1 ming 820 hujjat loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazildi. Ushbu davrda kiritilgan loyihalarning 39 foizida cheklist to‘ldirilmagan. Loyihalarning 13 foizida 405 korrupsiyaviy omil aniqlandi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar berildi.

Qayd etish lozimki, davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish faoliyatiga hamon yuzaki yondashilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan Adliya vazirligiga ushbu sohani muvofiqlashtirish bo‘yicha berilgan vazifa va vakolatlardan kelib chiqib belgilangan talablarga rioya qilmayotgan davlat organlari va tashkilotlariga tegishli ta’sir choralari ko‘rib borilmoqda.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Milliy strategiyaga ko‘ra  jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy qilinmoqda. Endilikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 38 xizmat turini olish uchun elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Xulosa qilib bir fikrni aytish mumkinki, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sohasida amaliy ishlar bosqichiga chiqdi va bu jarayon uzluksiz davom etadi.

N.Abduraimova,  
O‘zA