Shu yil 30 noyabr-2 dekabr kunlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasida «Ipak yo‘lida turizm-2022» Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.

Turizm va madaniy meros vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi «Milliy PR-markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan “SAYS” kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Anjumanning biznes dasturi ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan forum doirasida «Media loyihalar – mamlakatning turistik tashrif qog‘ozi», «Mamlakat sayyohligini rivojlantirishda davlatning o‘rni», «Gastronomiya – mamlakatning alohida identifikatori sifatida», «O‘zbekistonda turizmning rivojlanayotgan turlari», «Turizmda xalqaro raqobat va brending», «Xizmat ko‘rsatish sohasidagi muvaffaqiyatsizlikning oldini olish, xodimlar yetishmasligi muammosini hal etish yo‘llari» mavzularidagi sho‘’ba yig‘ilishlari o‘tkaziladi.

Ushbu sessiyalar nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo miqyosida turizm sohasiga oid eng qiziqarli va dolzarb mavzular bilan interaktiv tarzda tanishish, tegishli masalalarni muhokama qilish imkonini beradi.

O‘zA