“O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limining “Irodali va chevar qizlar” loyihasi Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi granti g‘olibi bo‘ldi.

– bugungi kunda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi” Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi rahbari  Jabbar Narboyev. –Loyihadan ko‘zlangan maqsad, boquvchisi bo‘lmagan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, uy xo‘jaligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashishdir.

Jabbar Narboyevning ta’kidlashicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 26 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan xotin-qiz ro‘yxatga olingan. Shundan Qo‘ng‘irot tumanida 1505 nogironligi bo‘lgan xotin-qizdan 361 nafari ishlashi mumkin. Bundan tashqari tumanda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning 2338 nafari “Ayollar daftari”da, 400 nafari “Temir daftari”da va 96 nafari “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga olingan. Bu xotin-qizlarning aksariyati ishsiz va hukumat ko‘magiga muhtoj.

bugungi kunda chekka tuman va qishloqlarda yashovchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj,  ayniqsa nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash dolzarb masala hisoblanadi. Ularning aksariyati uyda bo‘lgani bois, ruhiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Yo‘l va transport xarajatlari muammosi borligi tufayli, shaharga borib kasb o‘rganishi qiyin masala. Tuman markazlarida kasbga o‘rgatish bo‘yicha kurslar kam, yoki ular nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun moslashmagan.

Mazkur loyiha tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar uchun kasbiy o‘quv kurslarini tashkil qilish, ularda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish va jamiyatning iqtisodiy qatlami safiga qo‘shilishiga erishishiga xizmat qiladi. Tadbirkorlikni boshlashda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishdir. Jumladan, ular uchun zamonaviy hamda milliy kiyimlar, pardalar tikish kurslari tashkil etish,  ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, subsidiya va kredit olishda huquqiy maslahat hamda amaliy yordam berish maqsad qilingan. Bu ishlarga tuman hokimligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, hududdagi NNTlar, tumanda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar jalb qilinadi.

Sentyabr oyida 8 oylik tikuvchilik kursi o‘z ishini boshlagan bo‘lib, yaqin kunlarda milliy kiyim va zamonaviy parda tikish bo‘yicha kurslar faoliyat boshlaydi. Shu bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun beriladigan subsidiya hamda imtiyozli kreditlar masalasi bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etiladi. Tikuvchilik kursini bitirgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalasida tuman hokimligi bilan muzokaralar olib borilmoqda.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA