Bugun Qozog‘istonda prezidentlikka nomzod ko‘rsatish boshlandi. Bu jarayon 11 oktyabr soat 18.00 da yakunlanadi.
Mazkur qo‘shni davlatda muddatidan ilgari prezidentlik saylovi 20 noyabrga belgilangan.
Nomzod ko‘rsatish huquqi belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan respublika jamoat birlashmalariga tegishli.
Da’vogarga qo‘yilgan talablar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan: Qozog‘iston fuqarosi oxirgi 15 yil davomida mamlakatda yashagan, oliy ma’lumotli va kamida 40 yosh bo‘lishi, davlat tilini mukammal bilishi shart.
Shuningdek, nomzod eng kam ish haqining 50 baravari, ya’ni 3 million tenge (taxminan 6,2 ming dollar) miqdorida saylovga hissa qo‘shishi kerak.
Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan saylovchilar 11.8 millionni tashkil etadi.
Har bir nomzodni qo‘llab-quvvatlash uchun MSK tomonidan ro‘yxatga olish bosqichida saylovchilarning 118 mingdan ko‘p imzosi to‘planishi kerak.
O‘zA