Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Hukumat soati”da mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholining barcha qatlamlarini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Unda sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov deputatlarning savollariga javob berdi.

— Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan paytda Prezidentimiz tomonidan oldimizga qator vazifalar belgilab berilgan edi, — dedi vazir. — O‘tgan davrda ayni vazifalardan kelib chiqib, qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mahallalarda yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tashkil etish, ularni ommaviy sportga jalb etish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” tizimi joriy etildi.

Unga ko‘ra, yengil atletika, voleybol, stritbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, futbol, mini futbol va vorkaut sport turlari bo‘yicha mahallalarda istiqomat qiluvchi 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida yiliga ikki mavsumda sport musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 7-10 yoshli bolalar o‘rtasida “Quvnoq startlar”, shaxmat-shashka sport turlari, 11-15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, mini futbol bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Mahallabay musobaqalarda  3 million 170 ming aholi yuqoridagi 9 ta sport turi doirasida ishtirok etdi. Har bir bosqichdagi musobaqalarda yoshlar tashkilotlari va hokimiyatlar bilan birgalikda ish olib borildi. Keyingi musobaqalar uchun 3 million 200 ming yoshlar ro‘yxati elektron bazaga kiritildi. Shuningdek, sport musobaqalariga milliy kurash turi hamda paralimpiya yo‘nalishi qo‘shiladigan bo‘ldi.

Mahallalarda “yulduzcha”lar ko‘p, ularni topish uchun mahallabay ishlash kerak. Mahallalar o‘rtasidagi musobaqalarda motivatsion mexanizmlarni yaratish maqsadida har bir sport turida g‘oliblik uchun A, V, S kategoriya ishlab chiqildi. Natijada jami 279 ta komanda g‘alabaga, sovringa ega bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu esa mahallalar va yoshlarning qiziqishini oshiradi. Bir paytlar maktablarda sport zallari ham yo‘q edi. Hozir esa boks ringlarigacha bor. Mahallalarda sharoitlar yaratilmoqda. Bundan unumli foydalanish lozim.

Davlat sport-ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish borasida 279 ta bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida zamonaviy sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 254 ta sport maktabi tashkil etildi. Joylarda aholi soni va ularning qiziqishlari inobatga olinib, sport maktablarida olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar tayyorlash tizimi yaratildi. 254 ta sport maktabining yo‘riqchi-uslubchi shtat birliklari hisobiga sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. 9 ming 349 ta mahallaga sport maktablarining trenerlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari biriktirildi.

Shuningdek, iqtidorli sportchilarni professional ta’lim bilan qamrab olish, ularning iqtidorini to‘la namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari negizida olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil qilindi. bugungi kunda ushbu markazlarda o‘qish jarayoni 13 ta ustuvor va ixtisoslashgan olimpiya sport turlari bo‘yicha 2 ta bosqichda amalga oshirilmoqda. Ya’ni, birinchi bosqichda 5-11 sinflar uchun Olimpiya maktablari, ikkinchi bosqichda 1-2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kollejlari faoliyat ko‘rsatmoqda, — dedi A.Ikromov.

“Hukumat soati”da xalq vakillari sportni rivojlantirishga oid qator savollar bilan murojaat qildilar. Xususan, sport-ta’lim muassasalarini oliy ma’lumotli, malakali trenerlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham qiziqishdi.

— Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning Nukus va Farg‘ona filiallari tashkil etilib, ularda hozirgi kunda sport turlari hamda adaptiv jismoniy tarbiya va sport ixtisosliklari bo‘yicha trenerlar yetishib chiqmoqda. Sport turlari hamda adaptiv jismoniy tarbiya va sport ixtisosliklari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash 2018 yilga nisbatan 26 foizga oshgan. Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining Nukus, Samarqand va Farg‘ona filiallari ham tashkil qilindi. 2022 yil yakuniga qadar 12 ming 434 nafar jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislari qayta tayyorlashdan o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur malaka oshirish kurslariga jalb qilingan jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislar qamrovi 2017 yilga nisbatan 5 barobarga oshgan.

“Hukumat soati”da deputatlar hududlarga chiqqanda ayrim joylardagi sport inshootlarining atrofi qarovsiz holda qolganini aytib, sport inshootlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish zarurligini bildirdi. Shuningdek, ko‘plab maktablarda sport inventarlari yetishmasligi kabi masalalar ko‘tarildi.

Vazir xalq vakillarining savollariga batafsil javob qaytardi. Yakunda sohada parlament nazoratini muntazam amalga oshirishga kelishib olindi.

Muhtarama Komilova,  O‘zA