Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Unda 15-16 sentyabr kunlari o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining yigirma ikkinchi sammiti yakunlari haqida ma’lumot berildi.

– SHHTning Samarqand sammiti tadbirlari yakuniga yetdi. Ishtirokchilar birin-ketin o‘z yurtlariga jo‘nab ketmoqda – dedi Sh.Asadov. – Samarqand sammitida keng ko‘lamli masalalar muhokamada bo‘lgani hamda bir qator g‘oyatda ilg‘or qarorlar qabul qilinganini tahlil qilar ekanmiz, yangi fenomen – o‘ziga xos “SHHTning Samarqand jarayoni” kuzatildi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Birinchidan, 44 ta hujjat imzolanib, Tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichga erishildi. Ular nafaqat SHHT faoliyatining hozirgi yo‘nalishlarini qamrab oladi, balki yangi format va mexanizmlarni boshlab beradi. Ayniqsa, transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, sanoat va texnologiyalar kooperatsiyasi, raqamli taraqqiyot va yashil energetika borasidagi konseptual dasturlarni qayd etish lozim.

Ikkinchidan, SHHT ishtirokchilari tarkibini ko‘paytirish bo‘yicha juda muhim qarorlar qabul qilindi. Tashkilotga a’zolik bo‘yicha Eron bilan memorandum imzolandi, Belarusni to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish jarayonini boshlashga qaror qilindi, Bahrayn, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Maldiv va Myanma muloqot bo‘yicha sherik maqomini oldi. Ya’ni, SHHT mintaqaviy tashkilotdan mintaqalararo hamkorlik platformasiga aylanish jarayoniga guvoh bo‘layapmiz va bu jahondagi mintaqalashuv tendensiyalarini yaqqol eks ettirmoqda.

Uchinchidan, tashkilotning 20 yildan ortiq tarixida birinch bor a’zo davlatlar rahbarlari SHHTni takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan tarixiy qarorni qabul qildilar. Ushbu yirik siyosiy qadam zamirida ishtirokchi mamlakatlarning SHHT faoliyati, maqsad va vazifalarini yangi voqelikka moslashtirishga intilishi yotadi. Bundan tashqari, ushbu qaror Tashkilot bir joyda to‘xtab qolmasligi, zamon bilan hamnafas bo‘lishi shart va u bunga qodir ekanidan dalolat beradi.

Shu bilan O‘zbekistonning SHHTga raisligi o‘z nihoyasiga yetdi va raislik ilk bor Hindiston Respublikasiga o‘tdi.

Prezident matbuot kotibi o‘z so‘zi yakunida Samarqand sammiti va uning doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirlarni yoritishda qatnashgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorlik bildirdi.

G‘.HASANOV, O‘zA