Jahonning turli nuqtalarida ro‘y berayotgan qurolli mojarolar, global iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolarning chuqurlashishi, Yer yuzining aksariyat qismini qamrab olgan pandemiya keyingi yillarda dunyoni o‘zgartirdi, murakkablashtirdi. Davlatlar bir-birini tushunishga, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga, hamjihat bo‘lishga qiynalmoqda.

Prezidentimizning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasini o‘qib, bunday chigal vaziyatda ochiq, do‘stona muloqot naqadar zarurligiga amin bo‘lasiz. Maqolada dunyodagi murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyatning mazmuni chuqur tahlil bilan, ayni paytda, turli soha vakillari uchun ham aniq, tushunarli tarzda ochib berildi. Davlatimiz rahbarining fikrlarini o‘qigan odam Samarqandda o‘tayotgan sammitning tarixiy ahamiyatga ega ekanini keng tushunadi.

Maqolada ta’kidlanganidek, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yo‘liga qaytishini va global ta’minot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda. Turli muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan mushtarak qadriyat va ne’matlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Darhaqiqat, pandemiya va har xil nizolar sabab millionlab odamlarning turmush tarziga, daromadiga, tinchligi-xotirjamligiga putur yetmoqda. Loyiha va dasturlarni rejalashtirish, amalga oshirish qiyinlashmoqda, iqtisodiy-moliyaviy, savdo-sotiq yo‘nalishida yechilmay qolayotgan masalalar boshqa muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi, ish o‘rinlari barqarorligi, insonlarning ustuvor huquqlari ta’minlashi ayrim davlatlarda jiddiy muammoga aylanmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri, albatta, davlatlar o‘rtasida ochiq muloqot va hamkorlik muhiti susayib qolgani bilan ham izohlanadi.

Shu ma’noda Samarqand sammiti pandemiyadan keyin yig‘ilib qolgan masalalarni samarali hal qilish uchun tarixiy imkoniyat, deb qaralmoqda.

Prezidentimizning chuqur tahlilllarga asoslangan fikrlaridan sezish mumkinki, bu sammit nafaqat SHHTga a’zo davlatlar, muayyan mintaqa, balki butun dunyoni o‘ylantirib turgan masalalarga ham yechim topishga ko‘maklashadi.

Xalqaro ekspertlar Samarqand sammitiga alohida e’tibor bilan qarayotganining asosiy sabablaridan yana biri, shubhasiz, keyingi yillarda O‘zbekiston o‘zini tinchlikparvar, ochiq va muloqotga tayanadigan tashabbuskor davlat sifatida namoyon eta olgani bilan bog‘liq. Prezidentimiz boshchiligida Vatanimiz tashqi siyosatda, xalqaro tashabbuslarni ilgari surishda, masalalarni birgalikda hal qilish bo‘yicha katta yo‘lni bosib o‘tdi. O‘zbekiston tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Dunyoda O‘zbekistonga munosabat tubdan o‘zgargan, yurtimiz ishonsa bo‘ladigan hamkor sifatida qaralmoqda.

Maqolada ko‘rsatib o‘tilganidek, samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi.

Yuzma-yuz uchrashuvlarda o‘zaro ishonch rishtalari kuchliroq bog‘lanadi. Xalqimizda “mehr – ko‘zda”, degan hikmatli naql bor. Demak, ko‘z-ko‘zga tushadigan bu majlisdan katta natijalar kutilishi tabiiy.

SHHT sammiti doirasida iqtisodiy masalalar, hamkorliklar haqida fikr almashiniladi. Shubhasiz, har bir yetakchi xalq farovonligi va yurt tinchligini oliy maqsadi qilib olgan. Demak, biz bu sammitdan xalqimiznining turmush-tarzini yaxshilaydigan va farovonlikka yetaklaydigan yangi imkoniyatlar ochilishini kutsak bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la olishiga ishonamiz.

Ulug‘bek INOYATOV, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 
Spikeri o‘rinbosari, O‘zXDP fraksiyasi rahbari. 
O‘zA