Xabaringiz bor, yana bir necha kundan so‘ng – 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbati sammiti o‘tkaziladi.

Samarqand sammiti SHHTga a’zo mamlakatlar rahbarlarining so‘nggi uch yilda birinchi marta bir joyga to‘planayotgani va tarixda ilk bor 15 mamlakat rahbari ishtirok etishi ko‘zda tutilgani bilan ahamiyatli.

Nufuzli anjumanga sanoqli kunlar qolgan pallada Samarqand sammitni o‘tkazish uchun tayyor holatda. Shahar ko‘chalariga SHHT va unga a’zo mamlakatlar bayroqlari, sammitga bag‘ishlangan afishalar o‘rnatilgan.



Qayd etish kerakki, sammit arafasida Samarqandda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari olib borildi. Yangi muhtasham va zamonaviy aeroport, Xalqaro turizm markazi qurildi. Markaz hududida jami 10 ta ob’ekt bunyod etildi – 8 ta (2 ta 5 yulduzli va 6 ta 4 yulduzli) mehmonxona, Kongress xoll hamda Karvonsaroy kompleksi qurildi.


Anjuman arafasida qurib bitkazilgan “Boqiy shahar” majmuasi ham tashrif buyuruvchi mehmonlar e’tiboridan chetda qolmaydi. Majmuada milliy hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi choyxonalar, Chorsu sharq bozori, barcha viloyatlardan kelgan usta-hunarmandlarning ijod namunalaridan bahramand bo‘lish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda,  Samarqand so‘nggi yillardagi eng yirik siyosiy anjumanni o‘tkazishga har tomonlama tayyor. Anjumanga allaqachon xorijiy mehmonlar tashrif buyurishni boshladi. Samarqand sammiti mintaqadagi xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama etiladigan maydon bo‘lishi uchun barcha sharoit muhayyo.

O‘zA