Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Liz Trass va AQSH Prezidenti Jo Bayden ikki davlat o‘rtasidagi, jumladan, mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar. Telefon suhbati haqida Britaniya hukumati raisi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Suhbatdoshlar mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy qadriyatlar asosida mustahkamlangan sheriklik dunyoda erkinlik va demokratiyani himoya qilish va rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini tasdiqladilar.
Ikki mamlakat yetakchilari kuchli mudofaa ittifoqchilari – NATO va Avstraliya-Britaniya-AQSH (AUKUS) hamkorligi orqali munosabatlarni kengaytirishga kelishib oldilar.

Qayd etilishicha, Trass va Bayden “dunyo erkinligini mustahkamlash, avtokratiyalar tahdidiga qarshi kurashish” hamda Rossiya-Ukraina inqirozi to‘g‘risida gaplashib olishdi.

Shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Trass bilan telefon muloqoti o‘tkazdi, deyiladi Kiyev ma’muriyati matbuot xizmati bayonotida.

– Men Buyuk Britaniyaning yangi saylangan Bosh vaziri bilan suhbatlashgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘laman, – deb yozdi o‘z ijtimoiy sahifasida Ukraina yetakchisi. – Trassni Ukrainaga taklif qildim, yurtimga ko‘rsatgan jiddiy mudofaa va iqtisodiy yordami uchun Britaniya xalqiga minnatdorlik bildirdim.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Trass bilan suhbat chog‘ida Londonning Ukrainani tiklashdagi ishtiroki masalasi muhokama qilindi.

O‘zA