Amerikaning Dell Technologies kompaniyasi Rossiya hududida barcha amaliyotlarini to‘xtatishi va vakolatxonasini yopishini e’lon qildi, deb yozmoqda Reuters.
Serverlar va kompyuter texnikalari ishlab chiqaruvchi mazkur kompaniya Rossiya va Ukrainada mahsulot sotishni fevral oyidayoq to‘xtatgan edi. O‘shanda kompaniya rahbariyati voqealar rivojini kuzatib borayotgani haqida aytgandi.
“Avgust o‘rtalarida Rossiyada do‘konlarimizni yopdik va barcha amaliyotlarimizni to‘xtatdik”, – degan ushbu texnologiyalar gigantining Rossiyadagi vakili Mayk Simenas agentlikka.
Dell Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib, barcha xodimlarini ishdan bo‘shatgani aytilmoqda xabarda.
Rossiya Ukrainada maxsus operatsiya boshlaganidan keyin ko‘plab g‘arb kompaniyalari Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi. Qator korxonalar Rossiya bozoridan butunlay ketishini e’lon qildi.