2022 yil 23 avgust kuni Samarqand zaminida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi ochildi. Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, barchani ushbu quvonchli voqea bilan tabriklar ekan, xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yana bir salmoqli, zafarli natija bo‘lganini ta’kidladi. Darhaqiqat, Samarqand – milliy davlatchiligimizga asos bo‘lgan, tariximizdagi ikkala Renessans davrida ham muhim o‘rin tutgan azim va boqiy shahar sifatida mamlakatimizning tashrif qog‘ozidir.
“Boqiy shahar” majmuasi, Kongress xoll, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va ko‘plab boshqa ob’ektlardan iborat bu muhtasham markazning barpo etilishi azim Samarqand ko‘rkiga yanada fayzu tarovat bag‘ishladi.
Bugun keng jamoatchilik vakillari, yurt ziyolilari ushbu markaz ochilishining ahamiyati borasida o‘z munosabatlarini bildirmoqda. Xususan, bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham o‘z fikr-mulohazalari, munosabatlarini bayon qilmoqda.
Aktam HAITOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari:
— Yetti iqlimda “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan Samarqand ilm-ma’rifat markazi va madaniyat, ma’naviyatning beshigi bo‘lgan. Dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan ma’naviyatimizning oltin durdonalari —nodir asarlar aynan shu zaminda dunyoga kelgan.
Bugun ham afsonaviy shaharning uzoq o‘timishini aks ettiradigan munavvar koshonalari, muattar havosi, qadimiy obidalari dunyo ahlini o‘ziga rom etmoqda. Yilning to‘rt faslida ham bu yerdan sayyohlar qadami bir zum bo‘lsin, uzilmaydi.
2019 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan katta ambitsiyali loyiha boshlangan edi. Qisqa vaqt ichida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida 212 gektar maydonda “Buyuk ipak yo‘li” Xalqaro turizm markazini qurishga kirishildi. Bugun zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan ushbu majmua mubolag‘asiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik to‘yiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 23 avgust kuni “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etib, markazdan o‘rin olgan “Boqiy shahar” majmuasi hovlisida samarqandlik nuroniylar, ziyolilar bilan samimiy suhbat qildi.
Majmua ochilishida ishtirok etarkanman, bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, ko‘zimiz quvondi, dilimiz yayradi, katta g‘urur va iftixorni his qildik. Beixtiyor Amir Temur bobomizning “Bizning qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga boqing” degan purma’no so‘zlari yodimga tushdi.
Markaz har qanday sayyohni qadimiy afsonalar olamiga, tarixiy obidalar dunyosiga olib kiradigan tom ma’nodagi noyob loyiha, desak mubolag‘a emas. Markazni “Buyuk ipak yo‘li” deb nomlanganida ham chuqur ma’no bor. Sababi muhtasham majmuada o‘sha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. Bu yerga kelgan inson nafaqat qadimiy Samarqand bag‘rida, balki butun O‘zbekiston zaminida yurgandek bo‘ladi.
Xayrullo G‘AFFOROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari:
— Mamlakatimiz Prezidentining tashabbusi bilan Samarqandga insoniyat madaniy-tarixiy rivojlanishining muhim markazlaridan biri sifatida tutgan tarixiy o‘rni va ahamiyati qaytarilmoqda. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik bo‘ladi.
Majmuaga “Buyuk ipak yo‘li” deb nom berilgani zamirida chuqur ma’no bor. Asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning ko‘plab mamlakatlari hududidan o‘tgan va ko‘hna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yo‘li jahon xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy muloqot vositasi bo‘lib kelgan. Boqiy Samarqand esa Buyuk ipak yo‘lining asosiy manzillaridan biri bo‘lgan. Ulug‘vor me’moriy majmuada azim shaharning tarixiy aksi namoyon etilgan. Xususan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan tasvirlardan foydalanilgan.
Buyuk ipak yo‘li orqali rivojlangan tarixiy an’analarni, bugun taraqqiyot, madaniyat, do‘stlik va hamkorlik yo‘li sifatida qayta tiklanishi dunyo hamjamiyati bilan turli sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga, mamlakatimizga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, yangi, ilg‘or g‘oyalar kirib kelishiga imkoniyat yaratadi.
Eng muhimi, bo‘layotgan o‘zgarishlarni, amalga oshirilayotgan islohotlarni odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Samarqand qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborgan ushbu bunyodkorlik ishlarini, yaratilayotgan qulayliklarni nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham keng targ‘ib qilishimiz kerak.
Davlatimiz rahbari tashabbusi, xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan hududda qad rostlagan zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua yurtimizning turizm sohasini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib beradi hamda bu sohada ko‘plab ish o‘rinlari ochilishiga, aholi farovonligiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova tayyorladi,
O‘zA