Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbari Jo‘qorg‘i Kenges Raisi lavozimiga nomzodning taqdimotidagi takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ular yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga Qoraqalpog‘istonda qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Jumladan, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida:
– hudud uchun foyda solig‘i stavkasini 15 foizdan 7,5 foizga tushirish;
– aylanma soliq stavkasini Nukus shahrida 4 foizdan 2 foizga, tumanlarda 2 foizdan 1 foizga, olis hududlarda esa 1 foizdan 0,5 foizga pasaytirish;
– mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini 2 baravarga kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Bundan tashqari, joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun rejadagi 650 milliard so‘mga qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m ajratiladi.
O‘zA