Nukus shahridagi Qoraqalpog‘iston san’at saroyida ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1 ming 584 nafar yoshga so‘m bir martalik yordam puli topshirildi.

Ta’kidlanganidek, Nukus shahar yoshlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, taklif va istaklarini o‘rganish, ularni hal etish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Yoshlar ishlari agentligining mas’ul xodimlaridan iborat Ishchi guruhi 4 ta sektorga biriktirildi. Ular joylarda Yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 64 ta mahallada uyma-uy xatlov ishlarini amalga oshirib, 14-30 yoshdagi 74 ming 683 nafar yoshning balansi to‘liq shakllantirildi.

Yoshlar balansi asosida aniqlangan har o‘n beshinchi ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 4 ming 820 nafar fuqaro 19 ta ko‘mak turi bo‘yicha, shundan 1 ming 584 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshga bir martalik yordam puli ajratish yo‘nalishi bo‘yicha “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kiritildi.

Tadbirda yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Feruz Ablayarov agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Po‘lat Maxsetbayevga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Nukus shahar yoshlari uchun 1 milliard 900 million 800 ming so‘mlik vaucherni topshirdi.

Shuningdek, yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nurbol Maratov tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga beriladigan yordam turlari, mutaxassis Aysulu Utepbergenova tomonidan nodavlat ta’lim muassasalarida yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir yakunida aksiyadorlik tijorat Xalq bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali xodimlari tomonidan yoshlarga bir martalik moddiy yordam pullari naqd pul ko‘rinishida topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA