Yurtimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratish mexanizmini soddalashtirish hamda turli ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida elektron xizmat ko‘rsatish tizimini kengaytirishga ahamiyat qaratilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan dasturlar bo‘yicha kreditlar to‘liq raqamlashgan holda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali ajratish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yil 8 iyulda Vazirlar Mahkamasining «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi orqali kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilinib, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasidan foydalanish, shu jumladan, kreditlarni ajratish, rasmiylashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro elektron hamkorligini tartibga solish mexanizmlari tasdiqlandi.

bugungi kunda Yagona elektron platforma — oilakredit.uz portali tashkil etilgan bo‘lib, kredit olish uchun arizalar barcha bosqichlarda onlayn tarzda ko‘rib chiqilishi va ushbu portal orqali kredit shartnomasi tuzilishi yo‘lga qo‘yilgan.

— Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga qulaylik yaratish maqsadida oilakredit.uz portali ishga tushirildi, — deydi ushbu platformani yaratuvchi «Realsoft» kompaniyasi direktori Hikmatilla Nasrullayev. — Mazkur platforma ko‘magida kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha hujjatlar elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va masofadan imzolanadi. Kredit olish uchun arizalar masofadan qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki tegishli mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining ko‘magi bilan taqdim etiladi. Arizalar bir kun muddatda avtomatlashtirilgan holda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi. Arizachining manziliga qarab, uning arizasi “online mahalla” axborot tizimi orqali tegishli hokim yordamchisiga yo‘naltiriladi.

Hokim yordamchisi qarz oluvchining arizasiga asosan joyiga chiqqan holda, uning faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoitlari, imkoniyati hamda yetarli ko‘nikmasi mavjudligini o‘rganadi. O‘rganish natijasi bo‘yicha kredit ajratish uchun tavsiyanoma yoki kredit ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani besh ish kuni mobaynida Yagona elektron platformaga joylashtiradi. Yagona elektron platforma orqali aholiga o‘zini o‘zi band qilish uchun kreditlar belgilangan mezonlar asosida skoring baholash natijalariga ko‘ra, avtomatlashtirilgan holda ajratiladi.

Ajratilgan kreditlar hisobiga tovar va xizmatlarni bozor tamoyillari asosida erkin sotib olish yoki sotish Yagona elektron platformada yaratilgan «marketpleys» tizimi yordamida amalga oshiriladi. Ya’ni, tadbirkorlik faoliyati uchun kerak bo‘ladigan asbob-uskunalar va mahsulotlar ta’minotchilar tomonidan «marketpleys» tizimida elektron tarzda joylashtiriladi.

Masalan, chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkor «marketpleys» tizimida ta’minotchilar tomonidan taklif etilgan qoramol, qo‘y, echkilarni tanlab, sotib olishi mumkin yoki bog‘dorchilik qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor «marketpleys» tizimi orqali faoliyati uchun zarur bo‘ladigan asbob-uskuna, texnika vositalarini tanlashi mumkin. Bunda jismoniy shaxslarga 33 million so‘mgacha, yuridik shaxslarga esa 225 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kredit ajratiladi. Kreditlar qarz oluvchiga u tomonidan mustaqil tanlangan ta’minotchi bilan tuzilgan shartnoma asosida kelishilgan narxda mahsulot yetkazib berilganidan va qarz oluvchi tomonidan qabul qilib olingandan so‘ng hamda hokim yordamchisi  tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra, ta’minotchiga o‘tkazib beriladi.

bugungi kunga qadar mazkur platforma orqali 900 mingga yaqin arizalar taqdim etilgan bo‘lib, shundan 276 mingdan ortiq arizachi bilan kredit shartnomasi tuzilgan, — deydi Hikmatilla Nasrullayev.

O‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki rivojlantirish maqsadidagi fuqarolar uchun oilakredit.uz platformasi hamda «Marketpleys» tizimi qulay, zamonaviy hamda tezkor xizmat hisoblanadi. «Marketpleys» tizimi ham mahsulot va xizmatlarni sotish istagidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun, ham endi ish boshlayotgan tadbirkorlar, oilaviy tadbirkorlar uchun ochiq elektron savdo maydoni hisoblanadi. Barcha tadbirkorlik sub’ektlari o‘z tovar va xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ushub tizimga mustaqil joylashtirishi, sotishi mumkin.

Yuqoridagi hujjatlar ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yilgan mazkur elektron tizimlar tadbirkorlarga kredit olishda qulaylik yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, aholiga qo‘shimcha daromad manbai yaratish va ularning bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. bugungi axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanib borayotgan tezkor davrda uydan chiqmasdan turib, qo‘limizdagi telefon orqali kredit mablag‘larini rasmiylashtirishimiz, zarur xizmat va mahsulotlarni sotib olishimiz mumkin.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA