O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaatida, jumladan, shunday dedi:

– Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa, O‘zbekistonda ham, Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyat yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik darkor. Gap millionlab insonlar taqdiri haqida boryapti.

Davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlami vakillari keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquqi, erkinligini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda.

Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishining oldini olish va salbiy holatlarga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqani batamom uzish yo‘lida qat’iy iroda namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz.

B.Xudoyberdiyev,
U.Mahmirzayev,
N.Haydarov (surat), O‘zA