Hindistonning «International Affairs Review», «Sarkaritel» va «Diplomacy India» onlayn-portallarida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi.

Materiallarda Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashgani qayd etildi.

«Davlat rahbari uchrashuvda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohot nima uchun aynan hozir zarur va bu fuqarolarga nima beradi, degan savollarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u o‘z ma’ruzasi davomida, «amaldagi Asosiy qonunni qabul qilishda ishtirok etgan komissiya a’zosi sifatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi eng ilg‘or xorijiy tajriba, xalqaro standart va talablarga to‘la javob berishini, bunga hech qanday shubha yo‘q ekanini ta’kidladi», deyiladi nashrlarda.

Hind ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti so‘nggi 6 yil ichida jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy qiyofasi tubdan o‘zgarganini ta’kidlaganini qayd etgan.

Nashrlar O‘zbekiston Prezidenti yig‘ilishda “mana shunday hal qiluvchi pallada va kelajakda davlatimizda, jamiyatimizda insonning o‘rni va qadri qanday? Qanday siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-gumanitar tamoyillar, qadriyat va manfaatlar biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi? Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlar oddiy aholiga, xalqimiz farovonligini ta’minlash, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi?”, degan savollarni o‘rtaga tashlaganini ma’lum qilgan.

«Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish – davr taqozosidir”, deya Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zlaridan iqtibos keltiradi hind OAV.

Prezident, shuningdek, «Inson qadri uchun» g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyaning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotda bosh qadriyatga aylantirish zarur» ekanligini ta’kidlagan. Insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerakligi urg‘ulangani haqida so‘z yuritilgan.

Maqolalarda Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazish taklif etilganiga alohida e’tibor qaratilgan.

«O‘zbekiston Prezidenti hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlis vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qoidalarni Asosiy qonunda belgilash zarurligini ta’kidladi, – deb yozadi mualliflar. – Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etishni taklif etdi. Hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilish masalasi parlament vakolatiga kiritiladi».

Materiallarda, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish kerakligini ham ta’kidlab o‘tgani qayd etilgan.

«Shu maqsadda men Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etaman. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu orqali Hisob palatasi Davlat byudjeti shakllanishi va ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanadi», deya qo‘shimcha qildi u», deb yozadi hind onlayn-portallari.

O‘zA