Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

— Hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qoidalarni Asosiy qonunimizda belgilashimiz zarur.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo‘yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etishni taklif etaman.

Hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozim.

Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish kerak.

Shu maqsadda men Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o‘tkazishni taklif etaman. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Bu orqali Hisob palatasi Davlat byudjeti shakllanishi va ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining muhim vositasiga aylanadi, — dedi Prezident.