Yig‘ilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi, lekin birorta ham bunday laboratoriya yo‘qligi, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur bo‘lgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi bizda yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.

Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topayapti. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, o‘qitish, muloqotni yo‘lga qo‘ymagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

O‘zA