Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Sh. Ualixanov nomidagi maydonda “Olmaota kitob yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbirda ishtirok etayotgan Rossiya, Qirg‘iziston davlatlari, shuningdek, Qozog‘istondagi 50 dan ortiq mahalliy nashriyoti va kitob savdo tashkiloti qatorida O‘zbekiston milliy stendi ham tashkil etildi.

Ushbu stendda o‘zbek noshirlari tomonidan so‘nggi yillarda nashr etilgan sara adabiyot namunalari tadbir ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilarga namoyish etildi.

Mazkur kitob yarmarkasi kitob savdosini rivojlantirish, noshirlik va kitob savdosida erishilgan so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishish, sohadagi mavjud muammolarga o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish orqali yechimlar topish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitobxon va mualliflar o‘rtasida bevosita jonli muloqot maydonini yaratish, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi – dedi AOKA mas’ul xodimi A.Jo‘rayev.

Uch kun davom etgan kitob yarmarkasida qo‘shni davlatlar vakillari hamda tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston milliy stendiga, jumladan, namoyish etilgan kitoblarga katta qiziqish bildirildi.

O‘tkazilgan tadbir davomida o‘zbek adabiyotining sara namunalarini qozoq va qirg‘iz tillariga tarjima qilish hamda nashr etish borasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

   N.Usmonova,
    O‘zA