Joriy yilning 15-25 iyul kunlari poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida qit’a chempionati o‘tkaziladi.

Kecha Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi mazkur chempionatda qit’a mamlakatlaridan ishtirok etadigan sportchilar to‘g‘risida taqdim etiladigan dastlabki talabnomalar muddati yakunlanganligini e’lon qildi.

Taqdim etilgan talabnomalarga ko‘ra, 25 ta davlatdan 400 nafardan ziyod ishtirokchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan. Bunda yoshlar 250 nafarni, o‘smirlar 200 nafarga yaqinni tashkil etgan.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi ma’lumotiga binoan ushbu chempionatda yurtimiz terma jamoasi 40 nafardan ziyod sportchi bilan qatnashishi bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga taqdimnoma kiritgan.

Shuningdek, kecha Osiyo chempionatini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi musobaqa logotipini ham e’lon qildi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA