Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining navbatdagisi muvaffaqiyatli yakunlandi.
Bugun poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan 56-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda turli vazirlik va idoralarning mutasaddilari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi doirasida dunyoning 16 mamlakatidan iqtidorli yoshlar hamda kimyo ilmining eng yirik namoyandalari O‘zbekistonga tashrif buyurganini, bu chindan ham ma’rifat, bilimlar bayramiga aylanganini ta’kidladi.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova navbatdagi Xalqaro Mendeleyev olimpiadasining yurtimizda o‘tkazilishi mamlakatimiz tarixida alohida iz qoldirganini ta’kidladi. Azaldan ma’rifatga beshik bo‘lgan yurtimiz bugun yana bir bor ilm ahlini birlashtirdi.
O‘tgan bir hafta davomida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan 100 ga yaqin iste’dodlar nafaqat o‘zaro kuch sinashishdi, balki bilim va tajribalarini oshirib, yangi do‘stlar orttirdi. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Toshkent, Samarqanddagi qutlug‘ qadamjolarni ziyorat qildilar.
Prezidentimiz doim “Ilm tinchlik va do‘stlik ko‘prigidir”, deb ta’kidlaydi. Shunday ekan, dunyoning bilimli va salohiyatli bir guruh yoshlari yangilanayotgan O‘zbekistonimizdek yagona do‘stlik nuqtasida o‘z bilimlarini sinagani, do‘stlashgani e’tiborga molikdir.
– Bu yil medal sohiblari orasida birdaniga beshta davlat vakili bor, – deydi Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi raisi, Moskva davlat universiteti kimyo fakulteti dekani Stepan Kalmikov. – Qolaversa, an’anaviy tarzda kuchli natija ko‘rsatayotgan jamoalar ham, oltin medal sohiblari orasida yangi kelganlar ham bor. Ayniqsa, O‘zbekiston terma jamoasini tabriklayman. Ayni paytda mamlakatda ta’lim sohasida katta islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bilimlar bellashuvida mag‘lublarning o‘zi yo‘q. Unda barcha birdek g‘olib. Lekin shunday bo‘lsa-da, Xalqaro olimpiadaning ko‘plab ishtirokchilari oltin, kumush, bronza medallari, maxsus diplomlar, sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Xalqaro olimpiadaning 10 nafar ishtirokchisi – rossiyalik 5 nafar o‘quvchi, Turkiya, Isroil, Belarus Respublikasidan bir nafardan o‘quvchi oltin medalga munosib topildi. Ular orasida O‘zbekistondan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Azimjon Jamolov ham birinchi o‘ringa loyiq topildi. Olimpiadaning mutlaq g‘olibi sifatida va Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Valeriy Lunin nomidagi maxsus pul mukofotiga rossiyalik Ignatiy Tarabrin munosib topildi.
Darhaqiqat, yangilanayotgan O‘zbekistonimiz ilm, ma’rifat, ijodiy izlanish qo‘llab-quvvatlanayotgan diyor sifatida Xalqaro fan olimpiadasi ishtirokchilarining qalbida qolgan aniq.
Nazokat Usmonova, O‘zA