Ko‘p o‘quvchi maktab, litsey yo kollejni bitirgach, oliy o‘quv yurtiga kirishni xohlaydi. Lekin ularning ongida “O‘qishga kirish uchun tanish-bilish, pul bo‘lishi yoki yaxshilab tayyorlanish kerak!”, degan fikr shakllanib qolgan. Nima uchun? Chunki ko‘pgina hududlarda bugungi umum va o‘rta ta’lim tizimi talabga javob bermaydi. E’tiroz bildirishga shoshilmang. Agar javob berganida, o‘quvchining ongida yuqoridagi kabi fikr emas, “men bilimimga ishonaman, o‘qishga albatta kiraman!” degan ishonch bo‘lardi. Ta’lim sohasida yetuk mutaxassis bo‘lmagan kishi ham buni yaqqol ko‘rib-bilib turibdi.
“Yoshlikda olgan bilim – toshga o‘yilgan naqsh”, deydi xalqimiz. Lekin shu bilim qay tarzda olinyapti? O‘zi umuman bilim olinyaptimi? Agar umum va o‘rta maxsus ta’lim tizimida o‘quvchi yaxshi bilim olsa, nima uchun yana shuncha pul sarflab, vaqt ajratib qo‘shimcha tayyorlov kurslariga, repetitorlarga boradi?
Qolaversa, ayrim ta’lim muassasalarida darsni nomigagina o‘tish holatlari hali ham davom etmoqda-ki, misolni uzoqqa bormay, yon-atrofimizdan ham bemalol topsa bo‘ladi. Jumladan, telekanallardan birida Toshkent viloyatidagi Oqqo‘rg‘on qurilish va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejidagi o‘quvchilar hayoti, dars jarayoni va davomati tilga olingan. Unda informatika darsi uchun komputer yaroqsizligi, bu hol, o‘qituvchining aytishicha, besh yildan beri davom etayotgani, o‘quvchilar faqat ma’ruza tinglash bilan cheklanayotgani aytiladi. Komputer sinfidagi komputerlarning ham hech biri ishlamaydi.
Шунингдек, ушбу кўрсатувда коллеж битирувчиларининг ишга жойлашишдаги муаммолари, Бўка туман агросаноат ва транспорт касб-ҳунар коллежидаги давомат, ўқувчиларнинг дафтарлари тўлиқ эмаслиги, фан дарслиги йўқлиги, ўқувчи дарсни ўзлаштирмагани, баъзи гуруҳларда давоматни сунъий кўпайтириш мақсадида бошқа гуруҳлардан ўқувчилар олиб кирилгани акс эттирилган (қизиқувчилар қуйидаги линкдан видеони томоша қилишлари мумкин: https://www.youtube.com/watch?v=3U7stRNbM1I)
Juda qiziq, shunday emasmi? Prezidentimiz jahon talablariga javob beradigan, komputer texnologiyalarini puxta egallagan, zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash zarurligini ta’kidlab tursa, buning uchun barcha sharoitlarni yaratish maqsadida tunu kun mehnat qilayotgan bo‘lsa-yu, ta’lim tizimidagi ahvol esa..?!
Yana bir misol: bir paytlar maktab tizimini, o‘qituvchilarni yoppasiga tanqid qilish avjiga chiqqan vaqtlarda Qashqadaryo viloyatining qaysidir tumanidagi maktab haqida ko‘rsatuv uzatildi. Unda o‘qituvchi o‘ziniki qolib, boshqa darsga kirib o‘tirgani, dars o‘tish kerak bo‘lgan o‘qituvchi esa konferensiyada ishtirok etayotgani tilga olindi. Ayting, bunday holatlar boshqa maktabda uchramaydimi? Uchraydi. Sizu bizning o‘quvchilik yillarimizda ham sinfxonada jim o‘tirishni ta’minlash uchungina ba’zi darslarga boshqa fan o‘qituvchisi kirib o‘tirish holatlari bo‘lgan-ku! Nima uchun? Chunki, mutaxassis kadrlar, o‘qituvchilar yetishmaydi.
Hech bir bola bilimli yo bilimsiz, savodli yo savodsiz, iste’dodli yo iste’dodsiz bo‘lib tug‘ilmaydi. Hammasi bolalikda intiluvchan, qiziquvchan bo‘ladi. Bora-bora bu qiziqish kuchayishi yo pasayishi uni o‘rab turgan muhitga, unga nisbatan bo‘lgan munosabatga bog‘liq.
O‘qituvchilar bolalarning maktabga kelmasligidan, darsdan qochishi-yu, davomat pasayib ketishidan nolishadi. Ammo bunga faqat o‘quvchi aybdor emasligi, “qars ikki qo‘ldan chiqishi”ni xayoliga ham keltirmaydi. O‘quvchiga rag‘bat yetishmayotgani, uni dars emas, o‘qituvchining dars o‘tish uslubi qoniqtirmayotganini o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikan? Bu yerda ayb birgina o‘qituvchida emas, tizimda, muassasaning moddiy-texnik ahvolida hamdir.
Tarix fani o‘qituvchimiz darsni juda qiziqarli o‘tardi. Dars jarayonida tarix darsligidan tashqari manbalarda keltirilgan ma’lumotlardan ustalik bilan foydalanar, qiziqarli afsonayu hikoyalarni ham aytib berardi. Biz uning darsida sehrlanganday o‘tirar, tarix ko‘z oldimizda jonlangandek hayratga tushardik. O‘z o‘rnida shunday talabchan ediki, uyga vazifani tayyorlamay borish biz uchun qo‘rquv emas, uyat, or hisoblanardi.
Bir jurnalist do‘stim o‘tgan yili poytaxtda vaqtincha ro‘yxatga turish (propiska) muddati tugab, uch-to‘rt oy qishlog‘ida yurib keldi. Kelgach, uyda bekor o‘tirmay, deb maktabga ishga kirmoqchi bo‘lganini, maktab rahbariyati til va adabiyotdan (do‘stim nari borsa shu fanlardan dars berishi mumkin) o‘qituvchi bor bo‘lgani uchun uni ingliz tili o‘qituvchisi qilib olgani, uch-to‘rt oy bolalarga o‘zi bilmagan fandan “saboq” bergani haqida kula-kula so‘zlab bergan edi. Xulosani o‘zingiz chiqarib olavering.
Ko‘pchilik yodlab olgan va to‘tiqushday takrorlaydigan gap bor – ilg‘or pedagogik texnologiya, interfaol metodlar, darsga kreativ (ijodiy) yondashuv. Bu tushunchalar haqidagi ma’ruzalarni o‘qib chiqsangiz, eh-he, biz dunyodagi eng yetakchi ta’lim tizimiga ega Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Finlyandiya davlatlaridan ham o‘zib ketishimiz kerakdek. Lekin amalda bu qanchalik hayotga tatbiq etilayotgani bizga qorong‘u.
Komissiya kelganda darsni go‘yoki o‘yin uslubida o‘tish – o‘quvchilarni ikki guruhga bo‘lib, qo‘llariga rangli qog‘ozchalar tarqatish, javobini esa oldindan aytib qo‘yish (maktab davridan esimda qolgan) yoki yillab saqlab qo‘yiladigan videoproyektorni qo‘shib qo‘yib, darsga oid elektron materiallarni o‘quvchilarga ko‘rsatish – ilg‘or pedagogik texnologiya, interfaol metod degani emas. Hozir maktablarda darslar qay darajada o‘qitilayotgani haqida to‘liq tasavvurga ega emasdirmiz, lekin ko‘p joyda “Eski hammom, eski tos”ligicha qolgani shubhasiz.
Biz yuqorida nomlarini sanab o‘tgan davlatlar allaqachon yangi, zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishga qodir o‘quvchilarni tayyorlab beradigan tizimga o‘tgan.
Masalan, Finlyandiya ta’lim tizimiga butun dunyoning havasi keladi. Internet saytlarida mazkur davlat ta’limining o‘zgachaligiga bag‘ishlangan qator materiallar bilan tanishish mumkin. Bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalamiz. Lekin bir-ikki jihatini aytib o‘tish joizki, bu o‘zimizning ta’lim tizimidagi kamchilik va muammolarga ko‘zgu tutishimizga yordam bersa, ajab emas.
Finlyandiya maktablarida maktab, predmetlar (fan va darslar), ota-onalar, o‘quvchilar va huquqlar tengligi tamoyiliga rioya qilinadi. Ota-onalar tengligi – bu o‘qituvchilar o‘quvchilarining ota-onalari qayerda ishlashini bilishmaydi. O‘quvchilarning huquqi tengligi – o‘qituvchi o‘quvchisini haqorat qilish yoki unga nisbatan kuch ishlatish huquqiga ega emas.
Ushbu davlatda ta’limdan tashqari o‘quvchilarning tushligi, o‘qishdan tashqari barcha faoliyati, o‘quvchilarini uyiga tashuvchi transport, barcha o‘quv qurollari, kalkulyator va hatto noutbuk-planshetlari ham tekin hisoblanadi. Shuningdek, Finlyandiya maktablarida o‘qituvchilar “Biz o‘quvchilarni yo hayotga, yo imtihonlarga tayyorlaymiz. Biz birinchisini tanlaymiz”, der ekan. Davlatda maktablar barcha imtihonlardan voz kechgan, oraliq nazorat va test sinovlari o‘qituvchilar ixtiyorida.
Darslar erkin: fin maktablarida o‘qituvchi tomonidan dars o‘rgatilishi emas, o‘quvchining darsni o‘z istagi, qiziqishi doirasida o‘rganishi muhim. Uyga vazifa bilan “ko‘mib tashlashga” yo‘l qo‘yilmaydi. Baholash tizimi ham bizdagiday qat’iy belgilab qo‘yilmagan. Xullas, dars shunday o‘tilishi kerakki, o‘quvchi davomat yo baho uchun emas, xuddi bayramga, biron chiroyli tadbirga, qiziqarli mashg‘ulotga borayotganday kelishi kerak, degan fikrni ilgari surmoqchimiz. Ana shundagina haqiqiy ilg‘or pedagogik texnologiyalarni amaliyotda qo‘llagan bo‘lamiz.
Endi repetitor masalasiga qaytsak. Modomiki ta’lim tizimini isloh qilmas ekanmiz, repetitorlar xizmatidan voz kecholmaymiz.
Bozor iqtisodiyoti davrida repetitorlik xizmatining ham turi ko‘payib bormoqda: o‘quv markazlarida o‘qitish, uyda o‘qitish, yakka tartibda o‘qitish, guruhda o‘qitish, shuningdek, internet orqali ham o‘qitish bor ekan. Tabiiyki, shunga yarasha narxi ham turlicha bo‘ladi. Farzandini repetitorga yuborishga hamma oilaning ham qurbi yetavermaydi. Tabiiyki, bunday oilaning bolasi oliy o‘quv yurtiga kira olmaydi. Albatta, hammasi ham emas. Ayrim oilalarning farzandlari o‘z kuchi va bilimi bilan kirgan hollar ham ko‘p.
Qiziq tomoni shundaki, xorijiy tillarni o‘rgatadigan repetitorlargina zamonaviy o‘quv, audio va video qo‘llanmalardan, ko‘pgina aniq va gumanitar fanlardan o‘tiladigan tayyorlov kurslari esa asosan maktab darsliklaridan foydalanadi. Masalan, tarix, ona tili va adabiyot, matematika, fizika, kimyo fanlaridan repetitor o‘tadigan dars asosan maktab dasturida olgan bilimlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Shuningdek, mazkur fanlardan o‘qitadigan repetitorlarning aksariyati maktabda dars beradi. To‘g‘ri, repetitor o‘quvchilarga test variantlarini yechtirib, uni kelgusida oliy o‘quv yurtiga test sinovlarini topshirganda tushishi mumkin bo‘lgan savollarga tayyorlab boradi. Qolaversa, bu o‘qituvchilar uchun soliq to‘lanmaydigan qo‘shimcha daromad manbai ekani ham sir emas.
Lekin repetitorlik umum va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining o‘zida, repetitor-o‘qituvchilarning oylik maoshiga ustama haq to‘lash tartibi bilan bepul joriy etilsa-chi?
Birinchidan, o‘quvchilar repetitorga qatnashga qurbi yetadigan va yetmaydigan bo‘lib toifalanmaydi, har kim o‘z qiziqishiga qarab, repetitorga borish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘quvchilarning repetitor qidirib, sarson bo‘lishining, repetitorga ma’lum miqdorda (adashmasam, har bir bola oyiga kamida 100-150 ming so‘m pul beradi) pul sarflashining, ota-onalarning farzandi uchun yana qo‘shima xarajat qilishining, oila byudjetiga ta’sir ko‘rsatishining oldini oladi. O‘quvchilar o‘rtasida raqobat kuchayishiga olib keladi.
Ikkinchidan, ayrim, uyida yo boshqa joyda o‘quvchi tayyorlaydigan repetitorlarning qo‘shimcha daromad solig‘ini to‘lamay yurishining oldini oladi (har bir repetitor kamida 5-10 bola tayyorlaydi. Agar darsning oylik o‘rtacha narxi 100 ming so‘m deb hisoblansa, 500 000 – 1000 000 qo‘shimcha daromad degani. Lekin bu daromad hech qanday hujjatda qayd etilmagani uchun undan soliq undirilmaydi). Hammasi qonuniy bo‘ladi. O‘qituvchilar repetitorlik qilgani uchun oylik maoshiga qo‘shimcha haq to‘lanadi va u qancha yuqori bo‘lsa, ma’lum foizidan daromad solig‘i to‘lab boriladi. Bu esa mamlakatimiz g‘aznasiga foyda.
Uchinchidan, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinish ko‘rsatkichi o‘sishiga olib keladi. Yoshlar maktabni bitirib, qaysi oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishga bosh qotirib o‘tirmaydi. O‘zi qiziqqan yo‘nalishda o‘qishga kirish, ta’lim olish va yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish imkoni oshadi.
Bunday chuqur ilmiy asoslanmagan taklif va mulohazalar kimgadir erish tuyular, kimningdir g‘ashini keltirar, balki. Ammo niyatimiz xolis – mamlakatimiz bilimga chanqoq yoshlarining orzularini ro‘yobga chiqarishga, yurtimiz ta’lim tizimi rivojiga oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shish.
Darvoqe, mavzuga oid fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz.