Bu haqda poytaxtimizda o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashi ijroiya qo‘mitasining 77-yig‘ilishida e’lon qilindi.
Osiyo Olimpiya kengashi 77-yig‘ilishi hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yillik shodiyonasiga bag‘ishlangan tadbirda kengash prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randxir Singx, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakili Olive Luis Niamkey va bir qator xorijiy davlatlarning milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Osiyo qit’asidagi olimpiya harakati uchun muhim bo‘lgan ushbu anjumanning yurtimizda o‘tkazilishi o‘ziga xos ahamiyatga ega. Bu, O‘zbekistonga qit’a olimpiya harakatining yuksak e’tiboridan dalolat.
Kengash ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida “Xanchjou – 2022” yozgi Osiyo o‘yinlari, joriy yilning 20-28 dekabrida yoshlar o‘rtasida bo‘ladigan “Shantou – 2021” III Osiyo o‘yinlari hamda yoshlar o‘rtasida “Toshkent – 2025” IV Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik, sport turlari dasturi kabi masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randxir Singx hamda OOK bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn al-Musallamga O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 30 yilligiga bag‘ishlab ta’sis etilgan orden tantanali ravishda topshirildi.
Anjuman davomida dasturga binoan “Xanchjou-2022” tashkiliy qo‘mitasi hisoboti tinglandi.
Xitoy olimipiya qo‘mitasi vakillarining onlayn hisobotida mamlakatdagi COVID-19 bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat tufayli to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi bir yilga kechiktirilishi e’lon qilindi.
Yig‘ilish davomida 2025 yil Toshkentda o‘tkazilishi belgilangan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga mo‘ljallab bunyod etilishi rejalashtirilgan Olimpiya shaharchasi maketi ishtirokchilarga taqdim etildi.
Aytish lozim, shaharcha poytaxtimizning Yashnobod tumanida bunyod etiladi. Xalqaro talablarga javob beradigan sport majmualari, universal stadion, ochiq va yopiq ko‘rinishdagi sport komplekslari, turar joylar, mehmonxonalar, Chirchiq daryosi bo‘yida eshkak eshish kompleksidan iborat infratuzilmani qamrab oladigan Olimpiya shaharchasi 160 gektar maydonda qad rostlaydi.
Ushbu majmua Osiyo Olimpiya kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolari hamda qit’amizning bir necha davlatlaridan yurtimizga kelgan milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddi va mutaxassislarida iliq taassurot qoldirdi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA