Prezident huzurida elektrotexnika sohasida yangi zaxiralarni safarbar qilish bo‘yicha yig‘ilish davom etmoqda.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari qilinishi lozim navbatdagi ishlarni belgilab berdi.

Eng avvalo, joriy yilda ishlab chiqarishni kamida 20 foizga oshirish vazifasi qo‘yildi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi yangi loyihalar bo‘yicha tinimsiz izlanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, 2021 yilda o‘zimizda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan 1,3 milliard dollarlik elektrotexnika mahsulotlari import qilingan.

Joriy yilda 500 ming xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu, ularga suv isitish qozon va quyosh kollektorlari, suv hisoblagichlari kerak, degani.

Toshkent va Namanganda ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

Umuman, joriy yilda 250 million dollarlik 86 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Lekin bu yetarli emaligi qayd etildi.

–Jizzaxda 1 ta, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Surxondaryoda 2 tadan, Buxoro, Namangan va Xorazmda 3 tadan loyihani ishga tushirish bo‘yicha rejalar meni qoniqtirmaydi. Har bir viloyat hokimida kamida 100 million dollarlik yangi elektrotexnika loyihalari bo‘lishi shart, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda mutasaddilarga yana 1,5 milliard dollarlik yangi loyihalar ro‘yxatini shakllantirish, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimlariga Toshkent shahridagi “Texnopark” kabi elektrotexnika klasterlarini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Misni qayta ishlashni joriy yilda 37 foizdan 50 foizga, 2026 yilda 70 foizga yetkazish maqsadi belgilandi.

Buning uchun Ohangaron tumanidagi yangi mis klasterida 168 million dollarlik 12 ta loyiha doirasida yana 90 ming tonna misni qayta ishlaydigan quvvatlar yaratiladi.

Yig‘ilishda muqobil elektr energiyasi loyihalarini mahalliy butlovchi qismlar bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek:

– xonadonlarga muqobil energiyada ishlaydigan suv isitish tizimini o‘rnatish xarajatlari 30 foizgacha qoplab beriladi;

– bog‘cha, maktab, kasalxona va boshqa ijtimoiy ob’ektlarda muqobil energiyada ishlaydigan suv isitish tizimlarini, ko‘chalarda esa, quyosh energiyasida yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Bu maqsadlarga har yili kamida 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

O‘zA