Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda tez tibbiy yordam tizimi xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Misol uchun, xorijiy grant hisobiga, Samarqand shahrida tez tibbiy yordamni o‘rgatadigan simulyatsion markaz tashkil etilib, 100 nafar tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarining amaliy malakasi oshirilgan. Bunday markaz Toshkent shahrida ham mavjud.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat hokimlariga bunday markazlarni respublikaning boshqa hududlarida ham tashkil etishni boshlash topshirig‘i berildi.

Shu bilan birga tez yordam brigadalarining 12 mingdan ziyod shifokori va 28 mingga yaqin feldsherini o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun, vazirlik huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv-mashg‘ulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi tizimiga o‘tkaziladi va Xodimlarning malakasini oshirish maktabi sifatida qayta tashkil etiladi.

Malaka oshirish ishlarini sifatli tashkil etish uchun Turkiya, Koreya, Fransiya kabi tez yordam tizimi ilg‘or bo‘lgan mamlakatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.

O‘zA