Hurmatli festival qatnashchilari!

Qadrli mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Muhtaram san’at shaydolari!

Avvalo, siz, azizlarni ko‘hna Xorazm zaminida birinchi bor tashkil etilayotgan yirik san’at va nafosat bayrami – “Lazgi” xalqaro raqs festivalining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromimni izhor etaman.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga ham samimiy minnatdorlik bildiraman.

O‘zbekistonga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ma’lumki, har bir xalq o‘zining ko‘p asrlar davomida shakllanib, sayqal topib, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan madaniy merosi bilan  haqli ravishda faxrlanadi. Shu ma’noda, ulkan ma’naviy xazinamiz hisoblanadigan boy va rang-barang o‘zbek raqs san’ati xalqimizga xos nafosat va go‘zallik, ezgu orzu-intilishlar yorqin mujassam topgani bilan katta ahamiyatga egadir.

Milliy raqs san’atimiz tarixida alohida o‘rin egallaydigan, ta’bir joiz bo‘lsa, uning gultoji bo‘lgan “Lazgi” raqsi o‘zining chuqur hayotiy falsafasi, betakror ijro usuli va jozibasi bilan nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham keng shuhrat qozongan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xalqimizning badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu san’at mo‘’jizasi uch ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Uning paydo bo‘lishi haqida turli afsona va rivoyatlar mavjudligi ham shundan dalolat beradi.

Necha yuz yillar davomida xalqimizning estetik tafakkur olami, an’ana va qadriyatlari bilan hamohang tarzda “Lazgi” raqsining bir necha yo‘nalish va turlari vujudga kelib, u mukammal san’at asariga, yaxlit xoreografik majmuaga aylangan.

“Lazgi” raqsi o‘zining beqiyos sehri, jozibasi va tarovati bilan dunyo sahnalarini ham zabt etib, turli millat va elatlarni birlashtiruvchi ta’sirchan san’at vositalaridan biri sifatida tobora sevimli bo‘lib bormoqda. YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan 2019 yil 12 dekabrda Xorazm “Lazgi” raqsi Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham buni tasdiqlaydi.

Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atning barcha sohalari qatori milliy raqs san’ati turlarini asrab-avaylash hamda bu yo‘nalishdagi ijodiy maktablarga xos bo‘lgan noyob an’analarni izchil davom ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda, 2020 yili qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Raqs san’ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarimiz bu borada muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Bu haqda gapirganda, o‘z davrida butun dunyoda o‘zbek milliy raqs san’atining ramzi sifatida nom qozongan Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” raqs ansamblining qayta tashkil etilishi madaniy hayotimizda ulkan voqea bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.

O‘zbekistonda milliy raqs san’ati, xususan, “Lazgi” raqsining jahon madaniyatida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish, uning mahoratli raqqosalarini tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda, yurtimizda Xoreografiya akademiyasi tuzilib, ushbu noyob san’at maskanining faoliyati mutlaqo yangicha asosda tashkil etildi.

Shu bilan birga, raqs san’ati yo‘nalishida uzluksiz ta’lim tizimi joriy qilinib, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xoreografiya san’atidan dars berish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bolalar musiqa va san’at maktablarida raqs sinflarining soni ko‘paytirilgani, Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etilgani ham bu sohada yangi iste’dodlarni kashf etish va tarbiyalashda poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yurtimizda ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan mashhur “Lazgi” ashula va raqs ansamblini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va san’atkorlarga zarur sharoitlar yaratib berish masalasiga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Ayniqsa, o‘tgan yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida germaniyalik san’atkorlar bilan ijodiy hamkorlikda sahnalashtirilgan balet-spektakl orqali “Lazgi” raqsining qadimiy tarixi va jozibasi go‘zal badiiy talqinda ochib berildi. Mazkur asar nafaqat mamlakatimiz tomoshabinlari, balki chet ellik san’at ixlosmandlari tomonidan ham katta qiziqish bilan kutib olinmoqda.

Joriy yildan boshlab Xiva shahrida har ikki yilda bir marotaba “Lazgi” xalqaro raqs festivalining o‘tkazilishi ushbu noyob san’at turini asrab-avaylash va har tomonlama targ‘ib qilish, shu asosda xalqaro madaniy aloqalarimizni yanada kengaytirish borasida katta imkoniyat yaratishi shubhasiz.

Bugun tantanali ravishda ochilayotgan ushbu festivalga 30 ta davlatdan 175 nafardan ziyod raqs san’ati ustalari, professional raqs jamoalari, san’atshunos olimlar, madaniyat sohasining taniqli namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurgani ham yurtimizga va san’atimizga bo‘lgan qiziqish qay darajada yuqori ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Milliy raqs san’atimizning tarixini, uning o‘ziga xos xususiyatlarini chuqurroq o‘rganish va yoshlar orasida keng targ‘ib qilish bugungi kunda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Festival doirasida tashkil etilayotgan “O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Fursatdan foydalanib, konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tilayman.

Qadrli festival qatnashchilari!

Bugun qadimiy va ulug‘vor Xiva shahrida sizlarning ishtirokingizda ezgu orzu va niyatlar bilan boshlanayotgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali kelgusida dunyodagi nufuzli san’at anjumanlari qatoridan mustahkam o‘rin oladi, deb ishonaman.

Ana shu yo‘lda barchangizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, ijodiy parvozlar, yangi yutuq va zafarlar yor bo‘lishini tilayman.

 

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti