Prezident raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida xorijiy turistlarni kamida 3 kun olib qolish va “1 ming dollarlik xizmatlar paketi”ni taqdim qilish bo‘yicha alohida dasturni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali poytaxtda qo‘shimcha 1 million sayyohni jalb qilish imkoniyati bor.

Toshkent shahri hokimiga poytaxtda:

– yil davomida ishlaydigan zamonaviy akvapark, attraksion, safari gullar, chiroqlar va boshqa mavzuli parklar;

– tunu-kun ishlaydigan kamida 5 ta gastronomik va savdo ko‘chalari;

– restoran va mehmonxonalar, jamoat joylarida jonli ijro konsertlarini yo‘lga qo‘yish;

– ochiq osmonda shou (dorbozlik, musiqa va raqs dasturlari) va festivallar (gullar, gastronomik, muzqaymoq, opera) tashkil etish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident joriy yilda ichki turizm oqimini kamida 10 millionga yetkazish shartligini ta’kidladi.

Buning uchun tuman, shahar hokimlari oldiga turizm salohiyati yuqori 28 ta tuman va shahar, 135 ta mahalla imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, infratuzilma muammolarini hal qilib berish vazifasi qo‘yildi.

O‘zA