Qarshi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda viloyatda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili 25 dekabrda G‘uzor tumanida sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan “Uzbekistan GTL” zavodi ishga tushirildi. Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi qurilishi boshlandi.

Qarshi shahrida yiliga 500 ming juft poyabzal ishlab chiqaradigan “O‘z shuz” qo‘shma korxonasi yaqinda ishga tushirildi.

Davlat dasturlariga ko‘ra, joriy yilda Qashqadaryoga 1,5 trillion so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratilib, jami 2  ming 800  kilometr muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, 160 ta ijtimoiy soha ob’ektini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.

–Bu yerga kelishdan oldin viloyatdagi ahvolni va qabul qilingan dasturlarni tahlil qilib, hali ko‘plab muammolar bo‘yicha yechim topishimiz kerak, degan fikrga keldim, – dedi Prezident. – Misol uchun, viloyat aholisining atigi 43 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan. Koson (7,6 foiz), Dehqonobod (10 foiz), G‘uzor (11 foiz), Qamashida (14 foiz) suv ta’minoti juda past darajada.

Gaz, elektr, ichki yo‘llar, transport, qishloq xo‘jaligi, bank-kredit sohalarida ham, ko‘plab muammolar mavjud. Viloyatda 108 ta tibbiyot muassasasi, 172 ta maktab, 144 ta bolalar bog‘chasi ta’mirtalab ahvolda.

Ko‘plab bog‘cha va maktablarda isitish tizimi ishdan chiqqan, markazlashgan suv ta’minoti yo‘q. Aksariyat maktablarda parta va doskalar mutlaqo yaroqsiz holga kelib qolgan. 19 ta maktabda qatnov koeffitsiyenti 2,5 dan yuqori bo‘lib, o‘quvchi o‘rinlari yetishmaydi.

Shularni hisobga olib, joriy yilda Qashqadaryoda ijtimoiy soha va infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb muammolarni hal etish uchun respublika byudjetidan qo‘shimcha 360 milliard so‘m ajratilishi ta’kidlandi.

O‘zA