Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimi natijadorligini oshirish hamda aholi bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

– Joylardagi ayrim hokim yordamchilari “kredit, subsidiya, yer olib beraman”, deb ta’magirlik qilayotgani juda achinarli holatdir, – dedi Prezident.

Misol uchun, To‘raqo‘rg‘on tumani Sharq mahallasidagi hokim yordamchisi imtiyozli kreditga tavsiya berish uchun, “pora” olayotganda ushlanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Bu kabi holatlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Bo‘ka, Baxmal tumanlari, Marg‘ilon, Shirin shaharlarida ham mavjud.

–Barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o‘rinbosarlari, respublika vakillarini qat’iy ogohlantiraman. Odamlarni rozi qilish va inson qadrini tushunmagan rahbarlarga oramizda o‘rin bo‘lmaydi, –dedi davlat rahbari.

Viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga “qoniqarsiz” deb baholangan 3 ming 636 nafar mahallaga shaxsan borish va muammolarni hal qilish vazifasi qo‘yildi.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligiga viloyat hokimlari bilan birgalikda ushbu mahallalar kesimida muammolarni hal qilish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish topshirildi. Bunda, yil yakuniga qadar:

– 434 ta mahallada sug‘orish tizimi va suv ta’minotini yaxshilash;

–715 ta mahallada suv, yo‘l, elektr, tabiiy gazdan muammosini hal qilish;

– iqtisodiy ahvoli og‘ir 545 ta mahalladan har 5 tasiga bank vakilini biriktirib, “lider” tadbirkorlarni topish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Moliya vazirligi ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlik kreditlari uchun 800 milliard so‘m ajratadi.

–Qanchalik qiyin bo‘lmasin, ushbu mahallalarda ishlarning yurishi uchun shuncha qo‘shimcha mablag‘larni ajratayapmiz. Viloyat, tuman va shahar hokimlari, biriktirilgan vakillar va hokim yordamchilari ushbu mablag‘larning har bir so‘midan samarali foydalanib, aniq natija ko‘rsatishi kerak,– dedi Prezident.

O‘zA